Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Bank xodimining kasb odob-ahloqi qoidalari

Bank xodimining kasb odob-ahloqi qoidalari

Bank xodimining kasb odob-ahloqi qoidalari

Mazkur kasb-odobi qoidalari - xodimlarning kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi koʼrinishi va kiyinish uslubining qoidalarini belgilaydi.

Maqsadimiz - bankda yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, mijozlar ongida bankka boʼlgan hurmat va ishonchni oshirish hamda bank xodimlarining axloq qoidalariga zid boʼlgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan.

 

Faoliyat printsiplari

- qonuniylik;

- Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funktsional vazifalarini toʼliq bajarish, ijro intizomiga qatʼiy rioya etish;

- mijozlar huquqi, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

- davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;

- adolatlilik, halollik va xolislik;

- korruptsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda boʼlish va qarshi kurashish;

- bank sirini qatʼiy saqlash;

- mansab vakolatini suiisteʼmol qilmaslik;

- manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼymaslik.

 

Xulq-atvor qoidalari

- bank obroʼsiga putur yetkazishi mumkin boʼlgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;

- masʼuliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;

- murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblarga koʼmaklashish;

- xushmuomalalik, eʼtiborlilik va hushyorlik bilan aholida bankka nisbatan ishonch va hurmat hissini uygʼotish;

- mijozlarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillaridan qatʼiy nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda boʼlish;

- jamiyatda axloqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga amal qilish.

 

Xodimlarning kasbiy madaniyati

-Mijozlarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei kamsitilishiga olib keluvchi taʼsir choralari va harakatlarga yoʼl qoʼymasligi;

- halol, adolatli va kamtar boʼlishi, mijozlar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabat namoyish qilishi;

- bank manfaatiga zarar yetkazuvchi harakatlardan tiyilishi;

- oʼzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʼrishi, tanqid uchun taʼqibga yoʼl qoʼymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan oʼz faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yoʼlida foydalanishi;

- mijozlar va boshqa shaxslarga oʼz xizmat mavqeidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan taʼsir oʼtkazmasligi;

- oʼz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʼzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʼa olmasligi;

- bank mulkining but saqlanishini taʼminlash, oʼziga ishonib topshirilgan bank mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;

- ichki tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishi, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanishi;

- mijozlarga xizmat koʼrsatishda doimiy ravishda xizmat sifatini oshirib borish choralarini koʼrishi;

- qonun bilan intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan huquqbuzarlik va boshqa xatti-harakatlarga yoʼl qoʼymasligi;

- bank odob-ahloq kodeksi va ishbilarmonlik etikasiga rioya etishi kerak.

 

Xizmat faoliyatiga oid qoidalar

Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga soʼzsiz rioya etishi;

- oʼz xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiisteʼmolchilikka yoʼl qoʼymaslik;

- xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur boʼlgan bilim va koʼnikmalarni doimiy asosda oshirish;

- yuqori davlat organlari va Bank Bosh ofisi tomonidan qabul qilingan qarorlar hamda berilgan topshiriqlarni oʼz vaqtida va sifatli bajarish;

- ishlab chiqilayotgan ichki meʼyoriy hujjatlarga biron-bir shaxs, guruh yoki idoralar manfaati nuqtai nazaridan yondashmaslik hamda ularning manfaatlari ifoda etilishiga yoʼl qoʼymaslik;

- har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korruptsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish;

- xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bogʼliq boʼlgan har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik;

- mijozlar, Bank xodimlari yoki boshqa shaxslar tomonidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga undovchi murojaatlar haqida, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki tayyorgarlik koʼrilayotgan qonunbuzilishlar haqida oʼzining rahbariga zudlik bilan maʼlum qilish;

- xizmat majburiyatlarini bajarayotganda mijozlar va hamkasblarni kamsitmaslik, ularning taʼsiridan saqlanish, mijozlar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;

- oʼz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga toʼsqinlik qilishi mumkin boʼlgan xatti-harakatlardan saqlanish;

- bank siri, qonun bilan qoʼriqlanadigan va xizmatga oid boshqa maʼlumotlarning oshkor etilmasligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʼrish, ulardan qonunga zid ravishda foydalanmaslik;

- axborotlarni tarqatish qoidalariga rioya qilish, Internet jahon axborot tarmogʼi va axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlashning belgilangan tartibiga amal qilish;

-xizmatga oid maʼlumotlarning xavfsiz saqlanishini taʼminlash va ularni boshqa shaxslarga tarqatilishining oldini olish choralarini koʼrish;

- ijtimoiy tarmoqlarda bank va uning tarkibiy boʼlinmalari hamda rahbariyati faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin boʼlgan materiallarni joylashtirmaslik;

- mijozlar va hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatiga dogʼ tushiruvchi maʼlumotlar, tuhmat, igʼvo va uydirmalarni tarqatmaslik;

- mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʼzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etish;

- oʼziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʼlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʼlish;

- jamoada sogʼlom maʼnaviy muhitni saqlash choralarini koʼrish;

- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan tartibda hamda muddatlarda qonuniy, asosli va adolatli hal qilish;

- mehnat jamoasida ishchanlik muhitini shakllantirish va uni mustahkamlashga koʼmaklashishi;

- mehnat jamoasida hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatini obroʼsizlantiradigan shaxsiy va kasbiy fazilatlarini muhokama qilishdan tiyilishi kerak.

 

Xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari

- milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʼlish;

- dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yoʼl qoʼymaslik;

- rasmiy eʼlon qilingan maʼlumotlardan tashqari bank faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilmaslik;

- jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʼngilochar maskanlarda) oʼzini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʼl qoʼymaslik;

- jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti- harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki daʼvat qilmaslik;

- xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʼliq boʼlgan Bank rahbariyati va xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslardan hamda mijozlardan sovgʼa olmaslik;

- xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qatʼiy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador boʼlmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini koʼrsatib, mavqeini suiisteʼmol qilmaslik;

- xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;

- ish faoliyati bilan bogʼliq maʼlumotlarni ishga aloqador boʼlmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmaslik;

- tashqi koʼrinishini belgilangan meʼyorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning eʼtiborini oʼziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmaslik.

 

Munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari

 

Bank faoliyati toʼgʼrisidagi ommaviy bayonotlar bank rahbariyati yoki mazkur yoʼnalish boʼyicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda ommaviy bayonot berilishi mumkin emas:

- ommaviy bayonot matni va mazmuni bank siyosati yoki faoliyatiga aloqador boʼlmasa;

- ommaviy bayonotda keltiriladigan axborotlar bank sirlari bilan bogʼliq boʼlsa;

- ommaviy bayonot boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yoʼnaltirilgan boʼlsa.

Bank faoliyatida jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida jamoatchilik tomonidan Bank va Bank faoliyatiga oid ayblov yoki tanqid bildirilgan taqdirda, Bank unga nisbatan bildirilgan ayblov yoki tanqidga ommaviy izoh yoxud raddiya berishi lozim.

 

Xizmat faoliyatida kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari

“Ipoteka-bank” АTIB tizimida xodimlarning tashqi koʼrinishining korporativ standartlari ishlab chiqilgan boʼlib, ushbu standartlarga rioya etish har bir xodim uchun shart hisoblanadi. Xodimlarning tashqi koʼrinishi bank imiji va brendini ifodalaydi.

“Ipoteka-bank” АTIB tizimida dress-kod 2 turga boʼlinadi: uniforma va ishbilarmon uslub. Dress-kodning asosiy tamoyillari:

- nafislik

- tozalik

- moʼtadillik

Bank tizimida kiyinish uslubi quyidagi sifatlarni oʼz ichiga oladi:

- ishonchlilik;

- jiddiylik;

- obroʼlilik;

- ishbilarmonlik.

Bank xodimlarining ish joyida tashqi koʼrinishi va kiyinish uslubi “Ipoteka-bank” АTIB xodimlarining tashqi koʼrinish standartlarida belgilangan.

 

Manfaatlar toʼqnashuvi

Bank xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar toʼqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʼlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʼl qoʼymasligi kerak.

Manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, xodimlar oʼzining rahbarini darhol xabardor qilishi shart.

Manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligi toʼgʼrisida maʼlumotlar olgan rahbar bu toʼqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʼz vaqtida choralar koʼrishga majbur.

 

Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish

Bank xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat Xodimlarni boshqarish departamenti Xodimlar bilan ishlash boʼlimi hamda Odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bankda lavozimga tayinlangan xodimlar Xodimlar bilan ishlash boʼlinmalari tomonidan mazkur Odob-axloq qoidalari bilan tilxat asosida imzo qoʼydirgan holda tanishtiriladi.

Mazkur Odob-axloq qoidalarini buzish holatlari boʼyicha xizmat tekshiruvi bank rahbariyatining koʼrsatmasiga muvofiq Odob-axloq komissiyasi tomonidan oʼtkaziladi.

Xizmat tekshiruvini oʼtkazish tartibi Odob-axloq komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik

Bank xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy taʼsir choralarini qoʼllash uchun asos boʼladi.

Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan bank xodimlariga quyidagi axloqiy taʼsir choralari qoʼllaniladi:

- ogohlantirish;

- uzr soʼrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;

- Bankning kollegial yigʼilishlarida tanbeh berish.

Odob-axloq komissiyasi bank xodimiga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʼllash uchun bank rahbariyatiga taqdimnoma kiritishi mumkin.

Bank xodimlarining Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʼladi.