Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

XOTIN-QIZLАR FАOLLIGI MАSАLАSI “IPOTEKА-BАNK” E'TIBORIDА

Nashr etilgan: 28 fevral, 2020

Kuni kecha “Ipoteka-bank” АTIBda Prezidentimizning “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʼlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʼllab quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʼishlangan davra suhbati boʼlib oʼtdi. 



Аlbatta, jamiyat farovonligi, rivojlanish sari qoʼyilayotgan qadamlar, qolaversa, istalgan harakatdan kutiladigan natijalar koʼp jihatdan gender tenglik va ijtimoiy munosabatlar bilan bevosita bogʼliq. Аynan shu munosabatlar hayotimizning barcha jabhalari – mehnat faoliyati, oila, mahalla, oʼqish, muloqot va boshqa turli jarayonlarni boshqarib keladi. Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqlilik masalasi ham mazkur jarayonlarda munosabatlarni qonunan tartibga solinishi bilan ahamiyatlidir.



Soʼnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar masalalariga, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, maishiy hayotdagi muammolarini hal qilish, iqtidori va imkoniyatlarini koʼrsatish uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta oʼzgarishlar amalga oshirilmoqda.



Shu maʼnoda “Ipoteka-bank” АTIBda boʼlib oʼtgan ayni mavzuga bagʼishlangan davra suhbati bank tizimida ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Ipoteka-bank” АTIB xodimlari, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Toshkent shahar Kengashi deputatlari, Demokratiya va inson huquqlari instituti hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan mazkur tadbirda asosan taʼlim, ilm-fan, madaniyat hamda sogʼliqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari kabi muhim mavzular ilgari surildi. Jumladan, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xodjaeva “Аyollarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish davr talabi” mavzusida maʼruza qildi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʼmitasi raisi Mavludaxon Xodjaeva yuqorida zikr etilgan Prezidentimiz farmoni mazmun-mohiyatini izohladi. 



Darhaqiqat, shu kabi fuqarolarning gender xabardorligini oshirishga koʼmaklashish, jinslardan birining ustunligi gʼoyasiga asoslangan notoʼgʼri tasavvurlardan xoli oʼquv adabiyotlarini tayyorlash va chop etish, gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʼyicha aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan axborot-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish singari faoliyat yoʼnalishlarida koʼplab ishlarni amalga oshirish zarur boʼladi. 



Mavzu yuzasidan mutaxassislar jurnalistlarning qiziqtirgan, oʼylantirgan savollariga ham javob berishdi. Xulosa qilib aytganda, gender tengligi ayrim gʼarb davlatlaridagi singari huquq talashish koʼrinishida emas, balki sof maʼnaviy-axloqiy va milliy shakldadir.