Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Dono ustoz xonadoniga tashrif

Nashr etilgan: 1 oktyabr, 2019

Ustoz deganda ko‘pincha ko‘z oldimizda bizga yozishni, o‘qishni o‘rgatgan birinchi muallimimiz gavdalanadi, ammo hayot yo‘limizda shunday ustozlar uchrar ekanki, ular bizga katta hayot ostonasidagi ilk qadamlarimizni tekis va ravon bosishimizda fidoyilik ko‘rsatishadi. Hayot atalmish daftarimizda esa ular alohida, aziz va qadrli muallim bo‘lib o‘rin egallaydilar. Ularni go‘yo hayotimiz shamchirog‘i deb atagimiz keladi.

Aslini olganda ham bu ayni haqiqat. Ular kabi ustozlar pedagog sifatida faoliyat yuritmaydi, lekin bizga kasb mahoratidan ustozlik qiladi.

Bank-moliya tizimida o‘ziga xos maktab yarata olgan, ko‘plab shogirdlar etishtirib chiqargan, mehribon va kamtarin inson Azimov Timur Saidovichni ana shunday ustozlardan biri deyish mumkin.


Ipoteka-bankning bir guruh xodimlari 1-oktyabrь “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan ustoz xonadoniga tashrif buyurdilar.

Ushbu fayzli xonadon chinakam bayramona tus oldi. Baxtiyor keksalik gashtini surayotgan Timur Azimov shogirdlari davrasida yana bir bor yoshlik paytlarga qaytgandek bo‘ldi.

Ish jarayonida rahbar va xodim o‘rtasidagi munosabatlar, boshqaruvchilikning o‘ziga xos xususiyatlari haqida Timur Azimov to‘lqinlanib gapirarkan, bu borada hayotiy tajribalari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.


-Rahbar avvalo, jamoadagi har bir xodim xoh u kichik, xoh katta bo‘lsin quvonchu-shodligiga, g‘am-tashvishiga sherik bo‘lmog‘i lozim.- deya alohida ta’kidladi ustoz.

Tajribali mutaxassis, dilkash inson Timur Azimov duoga qo‘l ochar ekan, Navoiyning quyidagi baytini keltirib o‘tdi.

“Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,

bilki, bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur”