Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Mutaxassisga savol: Toshkentda propiskasiz ham ipoteka krediti beriladimi?

Nashr etilgan: 26 fevral, 2020


Oʼzbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Koʼplab yangi uylar qurilmoqda. Ular aholining ehtiyojmand qatlamiga imtiyozli shartlar asosida berilmoqda. Oʼtgan 3-4 yil mobaynida minglab oilalar uzoq vaqt orzu qilgan niyatiga erishdi – oʼz uyiga ega boʼldi.

Yurtdoshlarimizni uy bilan taʼminlashga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev alohida eʼtibor qaratib keladi. 2019 yil 28 noyabrda “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmonning imzolanishi ham shu maqsadga qaratilgan.

Farmon ijrosi doirasida ipoteka krediti berishning yangi tizimi tatbiq etilmoqda.

Bu haqda “Ipoteka-bank” АTIB Davlat dasturlari boʼyicha ipoteka kreditlari departamenti direktori Bobur Nurmuhamedov OʼzА muxbiriga maʼlumot berdi: 
– Endilikda ipoteka tizimini faqatgina davlat dasturi doirasidagi kreditlar hisobiga emas, balki bugungi kundagi bozor tamoyillaridan kelib chiqib, aholining barcha toifalari uchun tijorat ipoteka kreditlarini ajratishga eʼtibor qaratiladi.

Taʼkidlash joizki, ipoteka bozori toʼgʼridan-toʼgʼri hukumat tomonidan ajratiladigan past foizli resurs mablagʼlariga bogʼlanib qoldi.

Prezident farmoniga muvofiq, endilikda aholining barcha qatlamlari ipoteka kreditlari hisobiga uy-joy sotib olish huquqiga ega boʼladi. Faqat bunda kam daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʼlgan fuqarolar uchun boshlangʼich badalning teng yarmi, kredit boʼyicha hisoblangan foiz toʼlovlarni viloyat shaharlarida 10 foizdan va Toshkent shahrida 12 foizdan ortgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Аholi avval faqatgina davlat dasturi doirasida qurilgan uy-joylardan sotib olgan boʼlsa, endi oʼziga maʼqul boʼlgan joydan uy-joy tanlaydi. Yaʼni bu holatda barcha qurilish tashkilotlari yangi tartib asosida ajratiladigan ipoteka kreditlari hisobiga uy-joylarni sotish imkoniyatiga ega boʼladi.


Buning natijasida qurilish tashkilotlari oʼrtasida erkin raqobat shakllanadi.

Аholi tomonidan sotib olinadigan uy-joylarning maydoni va bahosiga cheklov qoʼyilmaydi. Аjratiladigan ipoteka kreditining eng koʼp miqdori belgilanadi. Bu koʼrsatkich har yili oʼzgartirib boriladi.

Masalan, fuqaro Toshkent shahridan 360 million soʼmga uy-joy sotib olmoqchi boʼlsa, bunda ipoteka krediti maksimal miqdori 255,2 million soʼm boʼlib, qolgan 104,8 million soʼmi fuqaro tomonidan boshlangʼich badal sifatida shakllantiriladi. Tijorat banklar tomonidan aholiga ipoteka kreditlari 15 yil muddatga yillik 24 foizgacha boʼlgan stavkada anuitet (bir xil toʼlov) shartida ajratiladi.

Fuqarolardan viloyatdan Toshkentga kelib ham ikkilamchi bozordan ipoteka krediti asosida uy olish imkoni bormi, propiska soʼraladimi, qabilida savollar kelib tushayapti.

Mijoz Oʼzbekiston fuqarosi boʼlsa, mamlakat hududining xohlagan joyidan ipoteka krediti olish imkoniyatiga ega. Faqat amaldagi qonunchilikka binoan fuqaro Toshkent shahridagi birlamchi bozordan uy-joy sotib olsa 5 foizlik davlat boji toʼlash orqali uy-joyga ega boʼlishi mumkin.

Ipoteka krediti olayotgan fuqaroning oylik daromadi yetmagan hollarda qoʼshimcha toʼlovchi sifatida uning oila aʼzolari va boshqa jismoniy shaxslar qabul qilinadi.