Nashr etilgan: 6 sentyabr, 2024
Toshkent, 06.09.2024 yil
“Ipoteka-bank” ATIB, so‘nggi paytlarda internet tarmog‘ida “Ipoteka-bank”ning Bosh ofisi va filiallari joylashgan binolarning sotilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni mutlaqo rad etadi va asossiz deb hisoblaydi. “Ipoteka-bank” ATIB shaxsiy ko‘chmas mulk yoki filial binolarini sotishni rejalashtirmayapti.
“Ipoteka-bank” ATIB taraqqiyot strategiyasiga muvofiq oʻz infratuzilmasini saqlab qolish va rivojlantirishga sodiq qoladi. Bankning asosiy e'tibori o’z mijozlariga yuqori darajadagi xizmatlarni ko'rsatish va mamlakat milliy bank sektorini rivojlantirishga qaratilgan. Bank aktivlari, shu jumladan, uning binolari ushbu maqsadlarga erishishda muhim tarkibiy qismlar bo‘lib, bank ularni strategik rejalariga muvofiq ehtiyotkorlik bilan boshqarishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, “Ipoteka-bank” ATIB aksiyalari tarkibidagi o‘zgarishlar haqidagi so‘nggi gap-so’zlarga kelsak, ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan OTP Bank Plc. o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshirilayotganiga aniqlik kiritish zarur.
O‘z navbatida, “Ipoteka-bank” ATIB Bank faoliyatiga ko‘rsatilayotgan qiziqishni yuqori baholaydi va manfaatdor tomonlarni bank faoliyatiga aloqador har qanday muhim o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilib boradi.
Ipoteka Bank O‘zbekistonning asosiy moliyaviy institutlaridan biri bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bozor yetakchisi sifatida, biz ipoteka yechimlari va chakana kredit xizmatlarida moliyaviy o‘sishni ta’minlashga va butun mamlakat bo‘ylab jismoniy va yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga intilamiz.