“Ipoteka-bank” aktsiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan bankning Toshkent viloyati Chirchiq filialiga press-tur tashkil etildi.
Nashr etilgan: 22 fevral, 2020
Bank filialida ishchi-xodimlar va mijozlar uchun yaratilgan sharoitlar, bankning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda tutgan oʼrni, koʼrsatilayotgan xizmatlar sifati va tezkorligi bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari filial faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan moliya-bank tizimida mijozlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, xizmat koʼrsatish madaniyati va aholining bank tizimiga boʼlgan ishonchini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada “Ipoteka-bank” aktsiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan tadbirkorlik subʼektlarini moliyaviy jihatdan qoʼllab-quvvatlash, aholiga imtiyozli kreditlar ajratish, ayniqsa bank mijozlariga tezkor va sifatli xizmat koʼrsatish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar aholining bankka boʼlgan ishonchini oshirishga xizmat qilayotir.
Bank Chirchiq filialida ishchi-xodimlar va mijozlar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Chirchiq shahrida bank filiali va uning 2 ta mini banki, 12 ta maxsus kassasi va bankomatlari aholi uchun xizmat qilmoqda.
Filial tomonidan 4 200 dan ziyod, shu jumladan, 2 650 dan ziyod yuridik va 1 600 nafarga yaqin jismoniy shaxslarga tezkor va sifatli bank xizmatlari koʼrsatib kelinmoqda.
– Korxonamiz logistik xizmat koʼrsatishga ixtisoslashgan boʼlib, Yevropa davlatlari, xususan Germaniya, Italiya, Polsha va Chexiyaga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bilan shugʼullanamiz, – deydi “Chirchiqtexnodom” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Nurmuhammad Raximov. – Bir vaqtning oʼzida mazkur davlatlardan respublikamizga qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy texnologiyalarni ham olib kelamiz. Bu borada Ipoteka bank bizning ishonchli hamkorimizga aylangan. Bankning ishonchli tezkor va sifatli xizmati tufayli 11 yildan buyon shu bank bilan ishlaymiz. Dunyo banklari bilan hamkorlik qilib kelayotgan tadbirkor sifatida ushbu bankning xizmatlari bizni Yevropa banklari bilan bir qatorda toʼliq qanoatlantiradi.
Maʼlumotlarga koʼra, shaharda 150 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Аholining asosiy qismi elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa kommunal toʼlovlarni mazkur bank orqali amalga oshiradi.
– Bank bilan bogʼliq barcha ishlarimni shu bank orqali bajaraman, – deydi Nafosat koʼchasi 6-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Ubaydulla Toʼyev. – Bankning xizmatlari, birinchi navbatda, ishonchliligi, qolaversa tezkorligi va xizmat sifati menga maʼqul. Umuman olganda, soʼnggi yillarda bank tizimida biz uchun ilgari orzu boʼlgan umidlarimiz ushalmoqda.
Darhaqiqat, mamlakatimizda «Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun» tamoyili hayotimizda oʼzining amaliy ifodasini topmoqda.