Nashr etilgan: 8 may, 2019
Tabiat musaffoligini ta'minlash borasida qator davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan turli aktsiyalar o'tkazilayotgani e'tiborga loyiq. Jumladan, “Ipoteka-bank” ATIB kasaba uyushmasi qo'mitasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida ekologik aktsiya o'tkazildi. Dam olish kunlari tashkil etilgan mazkur aksiyada 40 dan ziyod ko'ngilli ishtirok etdi va ular tomonidan tumandagi Soyliq qishlog'i hududi chiqindilardan tozalandi.
– Mana shu zaminda yashab, havosidan nafas olayotgan har bir fuqaro tabiatning musaffoligi uchun mas'uldir, – deydi “Ipoteka-bank” ATIB kasaba uyushmasi qo'mitasi raisi o'rinbosari Shoira Yo'ldosheva. – Bankimiz jamoasi ham ana shu fuqarolik mas'uliyatidan kelib chiqib, tabiat musaffoligini ta'minlashga qaratilgan aktsiya tashkil etildi. Ekologik aktsiya doirasida nafaqat Soyliq qishlog'ini chiqindilardan tozaladik, balki kelgusida ham tabiatga etkazilishi mumkin bo'lgan zararlarning oldini olish bo'yicha targ'ibot tadbirlari o'tkazdik.
Bankning ko'ngilli ishtirokchilari tomonidan aktsiya tadbirlarini muntazam davom ettirish, aholi, qishloqqa tashrif buyuruvchi sayyohlar va mutasaddi tashkilotlar bilan chiqindilarni yig'ish va olib chiqib ketish bo'yicha targ'ibot tadbirlarini olib borish rejalashtirilgan.