Nashr etilgan: 27 mart, 2024
Internet tarmog‘ida "Negativ 394: Tilla baliq yana Аndijon hokimining tilagini bajardi..." sarlavhasi ostida video qoldirilgan. Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Bank tomonidan Ulug‘nor tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklariga intensiv usulda baliq yetishtirish maqsadida ajratilgan kredit hisobidan baliqchilik xo‘jaliklari uskuna ishlab chiqaruvchilarni o‘zlari ixtiyoriy tanlagan, ya’ni mijozlarning bir qismi uskuna bo‘yicha “Ipoteka Leasing” MChJ bilan, qolgan qismi boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma imzolagan. “Ipoteka Leasing” MChJ tomonidan barcha uskunalar baliqchilik xo‘jaliklariga yetkazib berilganligi ma’lum qilingan, boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan uskunalar baliqchilik xo‘jaliklariga to‘liq yetkazib berilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligida 06.05.2022 yilda o‘tkazilgan 43-sonli yig‘ilish bayoniga asosan 31 ta baliqchilik xo‘jaliklari bo‘yicha bank xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda monitoring qilingan. O‘tkazilgan monitoring natijasidan kelib chiqib, 22 tasiga ajratilgan kreditlarning so‘nggi qaytarish muddatini uzaytirish va oraliq to‘loviga o‘zgartirish kiritishga, kredit ta’minotiga qo‘yilgan talablarni bajarish sharti bilan bank tomonidan ruxsat berilgan. Qolgan 9 ta mijoz bo‘yicha sun’iy suv havzalari tashkil qilinmaganligi, suv havzalarida baliq yetishtirilmayotganligi, uskunalar yetib kelmaganligi va o‘rnatilmaganligi sababli tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
Shuningdek, yig‘ilish bayonidan kelib chiqib, ozuqa yem mahsulotlari sotib olish uchun kredit arizalari bilan qilingan murojaatlar, bank tomonidan ko‘rib chiqilib, kredit hujjatlarida kamchiligi bo‘lmagan mijozlarga kredit ajratib berilgan.
Bundan tashqari, bank tomonidan loyihalar yetarlicha qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, bu borada viloyat hokimligiga Ulug‘nor tumanidagi intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi bilan bog‘liq muammolarni (jumladan, elektr-energiya va suv ta’minotini tiklash, mahalliy hokimlik tomonidan pandemiya davrida shifoxonaga olingan kislorod oksigeneratorlarini baliqchilik xo‘jaliklariga qaytarib berish) hal qilinishida amaliy yordam so‘rab xatlar bilan murojaatlar qilingan.
Mazkur masala bank rahbariyati va mas’ul xodimlar tomonidan mijozlar ishtirokida muhokama qilinib, kredit muddatlarini uzaytirish masalasi ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli ishlatilishi, biznes-reja ko‘rsatkichlarini bajarilishi va loyiha bo‘yicha yangi asoslangan biznes-rejadan kelib chiqib ko‘rib chiqilishi, kredit ajratish masalasi bankning amaldagi Kredit siyosati, Kreditlash Nizomi talablari asosida hal qilinishi, mazkur mijozlar kreditlarni qaytarmaganligi sababli bank foydasi hisobidan katta miqdorda zahira tashkil qilinganligi, bu esa boshqa istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga to‘sqinlik qilayotgani, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq baliqchilik xo‘jaliklari va “Ipoteka Leasing” MChJ o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro tuzilgan shartnomaga asosan tartibga solinishini hisobga olib, “Ipoteka Leasing” MChJga murojaat qilishlari lozimligi, agar norozi bo‘lsa Sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilish huquqi tushuntirilgan.
Shuningdek, bank tomonidan Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi intensiv usulda baliqchilik yetishtiruvchi korxonalar taqdim etgan biznes-rejalari ko‘rsatkichlari va kredit shartnomalarining tegishli bandlari bajarmayotganliklari bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirishlar berilgan.
Biroq, kredit qarzdorliklari o‘z vaqtida to‘lanmanganligi sababli bank tomonidan mazkur qarzdorliklarni undirish bo‘yicha, Qonun doirasida xo‘jalik sudlariga da’vo arizalari kiritilgan. Sudlarning qarorlariga asosan ushbu qarzdor korxonalar hisobidan “Ipoteka-bank” ATIB foydasiga qarzdorliklarni undirish va undiruvni garov mulklariga qaratish belgilangan.
Bugungi kunda mazkur korxonalarning kredit shartnomalari bo‘yicha qarzdorliklari so‘ndirilmagan hamda mijozlar mazkur to‘lovlarni to‘lash majburiyatidan hanuz bosh tortib kelmoqda. Hozirda bank tomonidan ushbu qarzdorliklarni Qonunda belgilangan huquqiy yo‘llar bilan undirish ishlari olib borilmoqda.
So‘nggi kunlarda turli blogerlar tomonidan bir tarafning vajlari asosida, vaziyat bo‘yicha faqat murojaat qiluvchi shaxsning sub’ektiv bahosi aks ettirilgan materiallar tayyorlanib, internet va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilmoqda. Bunday vaziyatlarda muammoga xolisona yondoshgan tarzda ikkinchi tarafdan ham ma’lumotlar olinib masalani ob’ektiv yoritgan holda ma’lumot tayyorlash va uni internet tarmog‘iga joylashtirish to‘g‘ri bo‘ladi deb xisoblaymiz.
Bunday axborotlar bank bilan qarz munosabatlariga kirishgan va shartnoma asosida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmayotganliklari sababli qonun ular tomonida emasligini bilgan ba’zi bir shaxslarning murojaatlari asosida tayyorlanayotgan bo‘lib, fuqarolarimizdan bu kabi bir taraf manfaatidan kelib chiqib yoritilgan axborotlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz.