Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Barqaror rivojlanish sohasidagi navbatdagi malaka oshirilishi amalga oshirildi.

Nashr etilgan: 29 iyul, 2024

Ma'lumki kundan kunga insoniyat uchun ekologik masalalar dolzarb ahamiyat kasb etib, ekologiyaga e’tibor tobora kuchayib bormoqda. Hozirgi vaqtda davlatimiz tomonidan ekotizimni yaxshilash, tabiatni asrash, tabiiy resurlardan oqilona foydalanish va insonlar ongida atrof-muhitga nisbatan befarq bo’lmaslik tushunchasini shakllantirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilib, qator tadbirlar o’tkazilmoqda. Mana shunday dasturlar asosida tashkil etilgan turli tashabbuslarga Ipoteka banki ham o'zining munosib hissasini qo'shmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qoshidagi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil qilingan 72 soatlik o’quv malaka oshirish kurslarini mas'ul xodimlarimiz muvaffaqiyatli tamomladilar. Malaka oshirish kursi davomida xodimlarimizga tajribali o’qituvchilar tomonidan ham nazariy, ham amaliy jihatdan ekologiya va ijtimoiy sohaga oid turli yo’nalishlarda bilim va ko’nikmalar berildi. Bu o’z navbatida Ipoteka banki xodimlarining ushbu yo’nalishda yanada kuchli tajriba va bilim-malaka asosida ishlashlariga yordam berishiga ishonamiz.


Xodimlarimiz malaka oshirish kursi davomida quyidagi mavzularda bilim-ko’nikmalarini oshirishdi:

- Ekologik ta’lim-tarbiya jarayonini tizimli tashkil etish;

- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari;

- Ekologik munosabatlarni huquqiy tartibga solish, davlat va jamoat boshqaruvi mexanizmini amalda qo’llash;

- Ekologik standartlashtirish tizimidan samarali foydalanish;

- Ekologik ekspertiza, ekologik me’yorlashtirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash;

- Chiqindilar bilan bog’liq ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

- Ekologiya va iqtisodiyot sohalari bo’yicha atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;

- Atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun to’lovlarni amalga oshirish va da’volarni hal qilish;

- Atmosfera havosi, yer va suv resurslari, yer osti boyliklari, o’simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish;

- Davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish;

- Yashil iqtisodiyotga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish;

- Ekologik sertifikatlash va ekologik audit;

- Atrof-muhit monitoringi, iqlim o’zgarishi va analitik tahlil;

- “Yashil makon” umummilliy loyihasini tashkil etish va monitoringini olib borish hamda yashil iqtisodiyotga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish;

- Ekologik nazorat va uni amalga oshirish tartibi;

Xulosa qilib aytganda, xodimlarimiz malaka oshirish kursi davomida sohaga oid zarur bilim va ko’nikmalarni o'zlashtirdi. Bunday ishlar kelgusida ham doimiy ravishda davom ettiriladi. Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, Ipoteka banki Yevropa standartlari asosida ekologik va ijtimoiy sohada qator yangi tashabbuslar bilan chiqmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi o'z samaralarini berishiga ishonchimiz komil.