Nashr etilgan: 25 iyul, 2022
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Uchkurgan-Agro-Export” MChJ murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Korxonaga 2020 yil fevral oyida Uchqoʼrgʼon tumanida zahira yerlari hisobidan baliqchilikni rivojlantirish va baliq havzasi tashkil etish uchun jami 10,0 gektar yer maydonlari ajratib berilgan.
«Uchkurgan-Agro-Export» MChJ (rahbari Valixanov Bobirjon Botir oʼgʼli) tomonidan “Ipoteka-bank” АTIB Namangan viloyat filialiga kredit ajratish yuzasidan arizasi berilgan boʼlib, 2020 yilning may oyida bank va mijoz oʼrtasida kredit shartnomasi tuzilgan hamda unga koʼra 60 oy muddatga, baliqchilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida intensiv usulda forel baliqlari yetishtirish kompleksini tashkil etish maqsadida 21,1 mlrd.soʼm miqdorda kredit mablagʼlari ajratilgan.
Kredit mablagʼlari qurilish montaj ishlariga yoʼnaltirishi koʼzda tutilganligi sababli tartib asosida bosqichma bosqich chiqarib berilgan.
Mijoz tomonidan taqdim etilgan biznes rejasiga (TEO) asosan loyiha qiymati jami 30,6 mlrd.soʼmni tashkil etib, shundan 9,5 mlrd.soʼm mijozning oʼz mablagʼi hisobidan amalga oshirilishi lozim boʼlgan.
Xoʼjalik subyektiga yoʼnaltirilgan kredit mablagʼlari boʼyicha oʼtkazilgan monitoringga koʼra, hozirgi kunda ushbu yer maydonlarida jami 74 (30m*10m) dona suzish havzalari qurilgani maʼlum boʼlgan. Oʼz navbatida, ikki taraf taqdim etgan kredit mablagʼlarining maqsadli ishlatilishi toʼgʼrisidagi dalolatnoma shuni koʼrsatadiki, mijoz oʼz mablagʼi hisobidan loyihada umuman ishtirok etmagan. Shu bilan birga, ajratilgan kredit mablagʼlarining bir qismi maqsadsiz foydalangani ham aniqlangan va natijada loyiha oʼz vaqtida ishga tushmagan.
Korxona tomonidan kredit va unga hisoblangan foizlar shartnomada koʼrsatilgan muddatlarda qaytarilmaganligi sababli, bank filiali tomonidan 2021 yilning 28 avgustida va 2022 yilning 10 yanvarida sudga daʼvo arizasini kiritish maqsadida Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasiga murojaat qilingan. Unga koʼra, Uchqoʼrgʼon tumanlararo Iqtisodiy sudining 2022 yil 14 martdagi hal qiluv qaroriga asosan “Ipoteka–bank” АTIB Namangan viloyat filiali foydasiga jami 24,1 mlrd.soʼm kredit qarzdorligini undirish belgilangan.
Jamiyatga nisbatan kredit mablagʼini maqsadsiz ishlatilishi yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi 2022 yil aprel oyida jinoyat ishi qoʼzgʼatilib kreditga aloqador shaxslarga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tergov jarayonida ishtirok etish uchun kelmaganlarga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.