Nashr etilgan: 23 sentyabr, 2021
Bankimiz tomonidan joriy yilning 21-22 sentabr kunlari J.P. Morgan (АQSh) tomonidan tashkil qilingan “Rivojlanayotgan bozorlarni moliyalashtirish” boʼyicha konferentsiya doirasida bank yevrobondlariga egalik qiluvchi va boshqa salohiyatli investorlar uchun keng miqiyosdagi investor-koll tashkil qilindi.
Ushbu investor-koll onlayn video-muloqot tarzida oʼtkazildi hamda unda ishtirok etgan 16 dan ortiq xalqaro investitsion fondlar va yirik banklarga Ipoteka-bankning faoliyati va moliyaviy natijalari, erishilgan natijalar va soʼnggi oʼzgarishlar toʼgʼrisida taqdimot shaklida batafsil axborot berildi, ular tomonidan qiziqish bildirilgan savollar atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etish lozimki, Ipoteka-bank bu kabi global investor-koll uchrashuvlarini muntazam oʼtkazib borishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan boʼlib, faol xalqaro emitent sifatida, shaffof hisobdorlikni yanada oshirishda, aniq maqsadni koʼzlab, moliya bozorida oʼz mavqeini mustahkamlashda hamda salohiyatli investorlarning geografik bazasini kengaytirishda davom etmoqda.
Eslatib oʼtamiz, ilk marotaba Ipoteka-bank tomonidan 2020 yilning noyabr oyida 300 million AQSh dollari miqdoridagi hamda 2021 yil aprel oyida milliy valyutadagi 75 million АQSh dollari ekvivalentidagi yevroobligatsiyalari xalqaro kapital bozoriga muvafaqqiyatli joylashtirilgan edi.