Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Salomatlik – tuman boylik

Nashr etilgan: 23 avgust, 2021

Mamlakatimizda davom etayotgan pandemiya salomatlik tuman boylik ekanini yana bir bor eslatgandek go‘yo. Bugun ommaviy sportni jadal rivojlantirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish orqali aholi salomatligini mustahkamlash mumkinligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bankimiz Bosh ofisida bo‘lib o‘tgan galdagi tadbir ham aynan shu mavzu doirasida bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ilьmira Basitxanova, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi bosh shifokori, O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi deputati Dildora Rustamova, "Doktor D" xususiy klinikasi bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, O’zLiDeP Chilonzor tuman Kengashi raisining Ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilobar Mirraximovalar o‘zlarining qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.


Sog‘liqni saqlash tizimidagi etakchi mutaxassislar ishtirokida tashkillashtirilgan ushbu tadbirda bugungi kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillar, pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sog‘lom turmush tarziga odatlanish va kelajak avlodni shu ruhda tarbiyalash kerakligi qayd etildi. Bu borada oilada, ishxonada, jamoada faollikka intilish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy mashqlarni kanda qilmaslik haqida tushunchalar berildi, hayotimizda uchrayotgan holatlar, yurtimizdagi vaziyat tahlil qilindi. Jonli misollar, ochiq muloqot ko‘rinishida tashkil etilgan yig‘ilishda ayollar va bolalar salomatligini asrash, aholini barcha qatlamini jismoniy faol hayot tarziga o‘rgatish ayniqsa muhimligiga urg‘u berildi. “1000 qadam”, “5000 qadam” loyihalarini ijtimoiy hayotga izchil tatbiq etish, har bir vatandoshimiz salomatligi avvalombor, o‘ziga bog‘liq ekanini uqdirish, “Sog‘ tanda-sog‘lom aql” g‘oyasini ilgari surish, bu kabi odatlarni oilalardan boshlash va ota-onalar tashabbuskor bo‘lishi kerakligi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ilьmira Basitxanova tomonidan ta’kidlab o‘tildi.

“Biz har bir ayol salomatligini mustahkamlash borasida alohida davlat dasturlari ishlab chiqilayotgani haqidagi quvonchli xabarni Sizlar bilan bo‘lishmoqchiman. Sohada keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda va bu tez orada o‘zining yaxshi natijalari bilan namoyon bo‘ladi deb ishonch bilan ayta olaman. Jamiyatning har bir a’zosi bilan birgalikda harakat qilgan holda ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom jamiyat barpo etamiz. Chetda qolmang, Siz-u bizning sog‘lig‘imiz o‘z qo‘limizda, ertangi sog‘lom avlod shakllanishida muhim turki bo‘ling. Bu boradagi har bir katta-yu kichik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz.”- deya o‘z fikrlarini bayon etdi Ilьmira Irkinovna.


Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi bosh shifokori Dildora Rustamova millat davomchisi hisoblangan ayollar salomatligini mustahkamlash muhim vazifa ekaniga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mavzu doirasida bankda ayollar tibbiy ko‘riklari, ommaviy sport targ‘iboti hamda bank rahbariyati tomonidan pandemiya sharoitida tashkil etilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berib o‘tildi.