Nashr etilgan: 21 oktyabr, 2023
“Ipoteka-bank” АTIB Buxoro viloyat filiali tomonidan 2018-2022 yillar davomida nodavlat mktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun jami 99 ta tadbirkorlarga jami 184,6 mlrd.soʼm kredit mablagʼi ajratilgan. Shundan;
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʼbatlantirish va rivojlantirish chora–tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-3651-sonli qaroriga asosan 86 ta tadbirkorga 159,1 mlrd.soʼm;
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 12 apreldagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-5071-sonli Qaroriga asosan 10 ta tadbirkorga 20,9 mlrd.soʼm;
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 10.06.2021 yildagi “Qamrov darajasi past boʼlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʼini kengaytirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-5144-sonli Qaroriga asosan 3 ta tadbirkorga 4,6 mlrd.soʼm miqdorida kredit mablagʼlari ajratilgan.
Bundan avval, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 14.07.2022 yildagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-322-sonli qarorining ijrosi “Ipoteka-bank” АTIB tomonidan soʼzsiz ijrosi taʼminlanib, 2018-2019 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun bank tomonidan ajratilgan kreditlar boʼyicha imtiyozli davr muddati 2023 yil 1 avgustga qadar belgilangan tartibda uzaytirib berilgan.
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan, maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini qoʼllab-quvvatlash va ularning tarmogʼini kengaytirish maqsadida 2023 yil 27 sentabrda “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qoʼllab-quvvatlashga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” PQ-316-sonli Qaror qabul qilindi.
Mazkur Qarorda, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ajratilgan kreditlar boʼyicha imtiyozli davr muddati 2024-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirilishi, bunda imtiyozli davrda toʼlanishi lozim boʼlgan asosiy qarz boʼyicha toʼlovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanishiga ruxsat berilgan hamda imtiyozli davr davomida tadbirkorlik subʼektlari tomonidan kredit boʼyicha faqat foiz toʼlovlari amalga oshirilishi qatʼiy belgilangan.
Bugungi kunga qadar, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan muddati oʼtgan foiz toʼlovlari toʼliq toʼlanmagan hamda Qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalanish uchun
Ipoteka-bankka ariza bilan murojaat qilishmagan va buning uchun zarur boʼlgan biznes-reja koʼrsatkichlarini, korxonaning balans va moliyaviy natijalari toʼgʼrisidagi hisobotlarni, kredit summasining 125 foiz miqdorida garov taʼminotlarini, kredit taʼminoti uchun berilgan taʼminot vositalari boʼyicha rasmiylashtirilgan shartnomalarning muddati uzaytirilganligini tasdiqlovchi qoʼshimcha shartnomalarni taqdim qilishmagan.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan muddati oʼtgan foiz toʼlovlar toʼliq toʼlangan holda, yuqorida keltirilgan hujjatlarni bankka taqdim qilingandan soʼng, Ipoteka-bank tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarning qaytarish muddati 2024-yil 1-oktabrga qadar uzaytirilishi hamda ularga belgilangan tartibda kredit mablagʼlari ajratilishi taʼminlanadi.