Nashr etilgan: 20 yanvar, 2023
Telegram tarmogʼidagi “Bastion” kanalida Ipoteka-bankning Surxondaryo viloyati filiali mijozi tomonidan sabzavot va mevalar uchun muzlatgich omborxonalari tashkil qilish maqsadida olingan kredit qaytarish muddatini uzaytirish bilan bogʼliq qilingan murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini saqlash omborxonasi tashkil etish uchun asbob uskunalar sotib olish maqsadida jami kredit ajratilgan. Bugungi kun holatiga, kredit asosiy qarzi hamda hisoblangan foiz toʼlovlari boʼyicha katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelgan. Mazkur qarzdorliklar 2022 yilning mart oyidan buyon (qariyb 11 oy) soʼndirilmasdan kelinmoqda. Bundan tashqari, mavjud taʼminotlar kreditning 125 foizini qoplashga yetarli emas.
Kredit qarzdorligi toʼligʼicha muammoga aylanganligi hamda korxona tomonidan ajratilgan kredit va unga hisoblangan foizlarni oʼz muddatida toʼlamaganligi sababli bank tomonidan “kredit qarzdorlikni muddatida oldin undirish va undiruvni garovga olingan mol mulkiga qaratish toʼgʼrisida” sudga murojaat qilingan hamda 2022 yil sentabr oyida bank foydasiga sud qarori chiqarilgan. 2022 yilning noyabr oyida ijro ishi qoʼzgʼatilgan va garov mulklari xatlangan. Biroq, cud qarori mijoz ishtirokisiz sirtdan qabul qilinganligi bois mijozning apellyatsiya arizasiga asosan 2023 yil 19 yanvar kuni Sud tomonidan mazkur ish qayta koʼrib chiqilib, bank foydasiga qaror qabul qilindi.
Yuqorida keltirilgan omillar sababli loyiha istiqbolsiz deb topilgan va kredit muddati uzaytirilmagan.
Qarzdor bilan olib borilgan muzokara davomida, kredit muddatini uzaytirish uchun bank tomonidan quyidagilar taklif etilgan, jumladan:
- hisoblangan jarimani (penya) toʼliq soʼndirish;
- qaytarish jadvalini oʼzgartirish zaruriyati asoslantirilgan, kelgusida kreditni qaytarish uchun pul oqimlarining aniq hisob-kitoblari aks etgan biznes-reja;
- taʼminotning yetmagan qismiga kreditlash nizom talablariga muvofiq qoʼshimcha taʼminot taqdim qilish.