Nashr etilgan: 17 may, 2024
Xabaringiz bor bugungi kunda ESG va/yoki Barqaror rivojlanish tamoyillari xayotning barcha jabhalariga kirib kelmoqda va kun sayin dolzarblashmoqda. Sababi, Barqaror rivojlanish – bu jamiyatlarning kelajakda yashash uchun zarur bo‘lgan barcha tabiiy resurslarni ishlatib - tugatib qo‘ymasdan, mavjud bo‘lish va rivojlanish qobiliyatdir. Buni OTP guruhi ham yaxshi anglagan holda, bu tamoyillarni o‘z faoliyatiga jadal tadbiq qilib kelmoqda.
Buni isboti sifatida Xorvatiyaning Split shahrida 13-15 may kunlarida bo‘lib o‘tgan ESG sammit misolida ko‘rish mumkin. Bu galgi sammit, avvalgilaridan farqli o‘laroq yashil banking yo‘nalishidagi biznes imkoniyatlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanish usullari muhokamasini ham qamrab oldi. Bularni inobatga olib, sammitda Ipoteka bankdan Boshqaruv Raisi o‘rinbosari – Korporativ Banking va bozor instrumentlari bloki rahbari Umidjon Hakimov va Barqaror rivojlanish departamenti boshlig‘i Baxtiyor Abdusalomovlar ishtirok etishdi.
Bu galgi sammitning yana bir o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, sammitda Shtab-kvartiramizdan HR yo‘nalishidagi mas’ul rahbar xodimlar ishtirok etib, OTP guruhi faoliyatida ESG tamoyillarini boshqarishda biz ko‘rishga va eshitishga odatlanib qolganimiz kabi faqat yashil banking faoliyatigina emas, balki endilikda “S” (social – ingliz tilida), ya’ni ijtimoiy omillarni ham inobatga olib faoliyat yuritishga ustuvorlik qaratish lozimligi qayd etildi. Bunda, “Mas’uliyatli ish beruvchi” tamoyilini amalda ishlashini ustidan doimiy nazorat o‘rnatib, bank faoliyatida barchaga teng imkoniyatlar yaratish, ish-xayot balansi, xodimlarni o‘qitish orqali ularni bilim va salohiyatini oshirish va boshqa “Mas’uliyatli ish beruvchi” tamoyilidan kelib chiqadigan standartlar asosida faoliyat yuritish bo‘yicha guruhning barcha davlatlardagi sho‘ba tashkilotlari bilan ishlar jadallashtirilishi haqida so‘z bordi.
Umuman olganda, Ipoteka-bank xodimlari uchun ushbu sammit yangi bilim va ko‘nikmalarni ortirishga zamin yaratdi. Bu o‘z navbatida, OTP guruhi o‘z xodimlariga investitsiya kiritish orqali ularning salohiyatini oshirayotganiga bir misol sifatida xizmat qiladi.