Nashr etilgan: 16 avgust, 2022
OʻzA saytida “Ipoteka-bank” ATIB Fargʻona viloyat filialida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish boʻyicha tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
“Ipoteka-bank” ATIB Fargʻona viloyat filiali va “Oydin savdo invest” MCHJ oʻrtasida 2018-yil 14-avgustda tuzilgan kredit shartnomasiga asosan, bino va inshootlarini sotib olish uchun 1 mlrd.soʻm miqdorda kredit mablagʻi ajratilgan.
Filial tomonidan korxona rahbarlariga biznes reja koʻrsatkichlari bajarilmayotganligi, ushbu koʻrsatkichlarni bajarilishi zarurligi, kredit toʻlovlarini oʻz muddatlarida toʻlanishi lozimligi borasida bir necha marotaba koʻrsatmalar berilgan.
Korxona ajratilgan kredit va unga hisoblangan foizlarni oʻz muddatida toʻlamaganligi sababli bank tomonidan “kredit qarzdorlikni muddatida oldin undirish va undiruvni garovga olingan mol mulkiga qaratish toʻgʻrisi”da sudga murojaat qilingan hamda 2019-yil 16-avgustda Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining “Oydin savdo invest” MCHJdan kredit qarzdorligini muddatidan oldin undirish va bunda undiruvni garovga qoʻyilgan molxona bino-inshootlariga qaratish boʻyicha hal qiluv qarori chiqarilgan.
Jamiyat tomonidan 2019-yil 16-avgustdan 2021-yilning 23-noyabriga qadar kreditdan boʻlgan foiz qarzdorliklarni soʻndirmagani uchun qarzdorliklarni undirish yuzasidan sudga takroran da’vo ariza bilan murojaat qilingan.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 9 fevraldagi hal qiluv qaroriga koʻra, “Oydin Savdo Invest” MCHJdan bank foydasiga qarzdorliklarni undirish va undiruvni garov mulkiga qaratish belgilangan.
Majburiy ijro byurosining Fargʻona shahar boʻlimi tomonidan 2022-yil 11-martdagi qaroriga asosan, qarzdor “Oydin Savdo Invest” MCHJga nisbatan ijro ishi qoʻzgʻatilgan.
Bank xodimlari tomonidan 2022-yil 7-mart kuni garov mulkining saqlanish holati yuzasidan oʻrganish oʻtkazilganida, noma’lum shaxslar tomonidan kredit ta’minoti sifatida garovga qoʻyilgan bino-inshootlari buzib tashlangani aniqlangan.
Mazkur holat boʻyicha tegishli mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berib, bank oldidagi qarzdorliklarni soʻndirilishida amaliy yordam koʻrsatilishini soʻrab, Ipoteka-bankning Fargʻona viloyati filiali tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Fargʻona viloyat boshqarmasiga 2022-yil 29-mart kuni 04/1130-sonli xat bilan murojaat qilingan.
Shuningdek, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda bankning mansabdor shaxslari fuqaro I.K. ga mazkur bino-inshootlarni olib berishni aytib, kafolat sifatida 19.900 AQSH dollarini olib, omonatga qoʻymasdan firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani haqida qayd etilgan vajlar asossizdir. Chunki “Oydin savdo invest” MCHJ tomonidan berilgan ishochnomaga asosan, jamiyat vakili I.K. oʻz nomidan jami 183,8 mln.soʻm mablagʻlarni jamiyatning kredit qarzdorligini qoplash uchun topshirgan hamda ushbu mablagʻlar jamiyatning kreditdan boʻlgan qarzdorligini soʻndirish uchun uning hisobraqamiga oʻtkazilgan.
Yuqoridagi holatlar boʻyicha hozirda prokuratura organlari tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Alohida ta’kidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual Kodeksining 23-moddasiga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-78-sonli Qonunining 6-moddasiga asosan, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish hamda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yoʻl bilan ta’sir koʻrsatish taqiqlanadi.