Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

"Sodir boʼlishi mumkin boʼlgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda toʼgʼri harakat qilish" mavzusida davra suhbati boʼlib oʼtdi

Nashr etilgan: 16 iyul, 2022

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 sentyabrdagi “Аholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish toʼgʼrisida”gi 754-sonli qarori hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 maydagi “Oʼzbekiston Respublikasi seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi PF-144-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, 2022 yil 15 iyul kuni “Ipoteka-bank” АTIB tizimida Bosh ofis va filial xodimlari ishtirokida “Sodir boʼlishi mumkin boʼlgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda toʼgʼri harakat qilish” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi. Davra suhbatida barcha filial xodimlari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.



Ushbu tadbirda, Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti Kafedra boshligʼi polkovnik Аlimov Bekzodxoʼja Botirovich va kafedra oʼqituvchisi polkovnik Radjabov Odiljon Roxatalievich maʼruza qildilar. 



Davra suhbati davomida zilzilaning kelib chiqishi va sodir boʼlganda toʼgʼri harakat qilish, shuningdek, zilzila oqibatida yongʼin sodir boʼlganda toʼgʼri harakat qilish va bartaraf qilish, pandemiya davrida bank xodimlarini yuqumli kasallikdan himoya qilish uchun ishni qanday tashkil etish, ishga yangi qabul qilinayotgan xodimlarni yongʼin va elektr xavfsizligi bilan tanishtirib borish, xar bir tashkilotda kamida yiliga bir marta yongʼin xavfsizligi boʼyicha taktik oʼquv mashgʼuloti oʼtkazish zarurligi toʼgʼrisida batafsil maʼruza qilindi. Ochiq muloqot mobaynida ishtirokchilar bilan qiziqarli savol - javoblar oʼtkazildi.



Bank xodimlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʼyicha bilim va koʼnikmalari yanada takomillashtirildi.