Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

MTS Bank Ipoteka-bank kartalariga to‘g‘ridan – to‘g‘ri transchegaraviy o‘tkazmalarni yo‘lga qo‘ydi.

Nashr etilgan: 16 fevral, 2023

Rossiyaning MTS-banki va Ipoteka-bank o‘rtasida mobil telefon raqami orqali pul o‘tkazmalari ekotizim xizmati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. MTS bankning raqamli moliyaviy xizmatlarini amalga oshirilishi O‘zbekistonga rossiyalik sayyohlarning qiziqishi ortib borayotgani bilan ham izohlanadi.

Yo‘lga qo‘yilgan ushbu xizmat orqali nafaqat mijoz o‘z bank kartasini, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaqin qarindoshlari, do‘stlarining kartalarini to‘ldirish imkoni bo‘ladi. O‘tkazma mobil ilova orqali istalgan rossiya bank kartalaridan, elektron hamyon yoki MTS abonentlarining shaxsiy hisobidan rublda o‘tkaziladi. O‘tkazmalar rublda, keyinchalik konvertatsiya qilish va hisob valyutasida to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi. MTS Bank orqali pul o‘tkazmalarini jo‘natishda komissiya undirilmaydi. O‘tkazmalar bir zumda amalga oshiriladi. Pul jo‘natishning eng kam miqdori 50 rublni va eng yuqori miqdori esa 300 ming rublni tashkil qiladi.

 

Buning uchun:

– “MTS Bank” ilovasi “To‘lovlar” bo‘limiga kirgan holda, “MDH/ Uzoq xorijga o‘tkazmalar”ga o‘tib, u yerdan “Ipoteka-bank O‘zbekiston” tanlanadi.

– Telefon raqami kiritilib, o‘tkazma miqdori ko‘rsatiladi. Foydalanuvchi amaliyotni bajarishdan avval o‘tkazma miqdori va hisob valyutasida to‘lanishi kerak bo‘lgan miqdor haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.

Hamkorlik yuzasidan MTS Bankning hamkorlik tarmoqlari va integratsiya aloqalarini rivojlantirish guruhi rahbari Mixail Sharakin quyidagi fikrlarni bildirdi: “To‘g‘ridan-to‘g‘ri transchegaraviy pul o‘tkazmalarini tashkil etish strategiyasini amalga oshirish doirasida Ipoteka-bankda ochilgan fuqarolarning kartalariga pul o‘tkazmalari xizmatining yo‘lga qo‘yilishi mijozlarning keng doirasi uchun xizmat qilishiga mo‘ljallangan. Tezkor pul o‘tkazmalarini taqdim etish bo‘yicha bizning xizmatlarimiz O‘zbekistondagi hamkor banklarning keng tarmog‘ini qamrab olmoqda. Biz o‘zbek moliya tizimining eng nufuzli banklaridan biri – Ipoteka-bank yangi hamkorimizga aylanganidan mamnunmiz”.

Shuningdek, Mixail Sharakin 2022 yil yakuniga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2,5 baravardan oshganini, bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik hajmi ortgani, shuningdek, turizmga bo‘lgan qiziqish yanada oshganidan dalolat berayotganini alohida qayd etdi.

O‘z o‘rnida, “Ipoteka-bank” Chakana savdo departamenti direktori Alik Stepanyan: “MTS Bank bilan hamkorlik mijozlarimizning keng doirasi uchun yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini joriy qilish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Biz mijozlarimizga bankka tashrif buyurmasdan, soniyalar ichida pul o‘tkazmalarini qabul qilish imkoniyatini taqdim etayotganimizdan mamnunmiz” deya ta’kidlab o‘tdi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, “Ipoteka-bank” ATIB bugungi kunda o‘zining 3 mlndan ortiq mijozlariga ega bo‘lib, mamlakatimizning yirik tijorat banklari uchligiga kiradi.

Hozirga qadar, MTS bank MDH qatoriga kiruvchi davlatlarda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Xususan, O‘zbekistonning HUMO va Uzkard, Tojikistonning milliy kartasi, Qirg‘iziston Elkartlari, Armanistonning barcha kartalari (jumladan, ArCa), Qozog‘iston va Ozarbayjon bank kartalari ham shular jumlasidandir.

Shuningdek, MDH banklariga telefon raqami orqali pul o‘tkazish xizmatlari faol rivojlanmoqda (O‘zbekistonda 30 bank, Qirg‘izistonda 4 ta, Tojikistonda 13 ta bank va moliya tashkiloti, Armaniston 2 ta bank). Bundan tashqari, bank - Kontakt xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi, Unistream va Granat o‘tkazmalar xizmati, AsiaExpress orqali naqd pul olish bilan bog‘liq chet elga pul o‘tkazish xizmatini rivojlantirmoqda.