Nashr etilgan: 14 fevral, 2023
Joriy yilning 9 fevral kuni fuqaro Sobitjon Turkmenov tomonidan uning o‘g‘li Sardor Turkmenovga tegishli bank kartasidan noma’lum shaxs tomonidan avvaliga 2,0 mln so‘m pul mablag‘i yechib olingani hamda mobil ilova orqali kredit rasmiylashtirilib, so‘ng yana 1,7 mln so‘m miqdorida pul mablag‘i yechib olingani haqida ma’lum qilinib, ushbu masalaga oydinlik kiritish va ma’lumotlar taqdim etilishi yuzasidan Ipoteka-bankka murojaat qilingan.
Ipoteka-bank mas’ul xodimlari tomonidan fuqaro Sobitjon Turkmenovga bankka uning o‘g‘li Sardor Turkmenov shaxsan o‘zi tashrif buyurishi lozimligi, aks holda O‘zbekiston Respublikasining “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan uchinchi shaxslarga bank mijozlari haqidagi ma’lumotlar taqdim etilmasligi, fuqaro S.T.Turkmenov o‘g‘li bilan tashrif buyurgan taqdirda, bank kartasi va mobil ilova amaliyotlari bo‘yicha ma’lumot berilishi tushuntirilgan.
Fuqaro S.T.Turkmenov shu kunning o‘zida o‘g‘li S.S.Turkmenov bilan bankning Bosh ofisiga tashrif buyurgan. Uchrashuv davomida, bankning mas’ul xodimlari tomonidan murojaatchilarga fuqarolar bank mobil ilovasi foydalanuvchisining telefon raqamiga keluvchi sms-kodlarni begona shaxslarga taqdim etmasligi va oferta shartnomasida ham bu ko‘rsatib o‘tilgani, sms-kodlarni begona shaxslarga berilishi kabi holatlarga bank mobil ilovasi (uyali aloqa vositasi egasi) foydalanuvchisi shaxsan o‘zi javobgar ekanligi ta’kidlangan.
Mas’ul xodimlar tomonidan bank siriga oid ma’lumotlar berilayotgan paytida fuqaro Sobitjon Turkmenov ogohlantirishlarsiz uyali aloqa vositasi orqali tasvirga olishni boshlagan. Holat yuzasidan bank mas’ul xodimlari tomonidan tasvirga olmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, murojaatchi S.T.Turkmenov va uning o‘g‘li S.S.Turkmenovlar ishtirokida mobil ilova orqali rasmiylashtirilgan kredit amaliyotlari tarixi ko‘rsatib o‘tilib, batafsil tushuntirishlar berilgan hamda bu bo‘yicha bank tomonidan 2023 yil 17 fevral kuni fuqaroga 12-2.1/357-F sonli xat bilan ma’lum qilingan.