Nashr etilgan: 10 iyun, 2022
2022-yil 9-iyun kuni Bank risklarini boshqarish departamenti xodimlari tomonidan bank filiallari va bosh ofis bo‘linmalarining risk koordinatorlari uchun risk madaniyati darajasini oshirish hamda operatsion risklar nazorati va o‘z-o‘zini baholashga bag‘ishlangan vebinar o‘tkazildi.
Xalqaro korporativ boshqaruv standartlarining zamonaviy talablariga hamda Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining tavsiyalariga muvofiq joriy yilning may oyida “Ipoteka-bank”ning Operatsion risklarni boshqarish siyosati yangilandi.
Operatsion risklarni samarali boshqarish bo‘yicha mazkur Siyosatda belgilangan talablarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida bankning tarkibiy bo‘linmalari va filiallari himoyaning birinchi chizig‘i bo‘lib xizmat qiladi, bu esa ularning faoliyat yo‘nalishiga xos bo‘lgan risklarni aniqlash va ularni samarali boshqarish vositalarini belgilab olishni anglatadi.
Vebinarda risk madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishning asosiy masalalari, kredit, operatsion, bozor, ekologik va ijtimoiy risklarning tushunchalari va asosiy xususiyatlari, shuningdek, bankning barch darajadagi xodimlariga risklarni boshqarish sohasida tushuncha va bilim zarurligi haqida batafsil tushuntirildi. Bankning Bosh ofisi va filiallari tuzilmalaridagi risk koordinatorlar barcha turdagi operatsion risklarni aniqlash va monitoring qilish, shuningdek, Bank risklarini boshqarish departamentiga hisobotlarni elektron shaklda “CRM-OLI” дастури орқали taqdim etish uchun mas’ul ekanliklari eslatib o’tildi.
Vebinar interaktiv, savol-javob tarzida o‘tkazildi, risk koordinatorlarga mavzu bo’yicha taqdimot o’tkazilib, operatsion risklarni aniqlash va yuzaga kelgan operatsion yo‘qotishlarni hisoblash tartibi batafsil tushuntirish berildi.