Nashr etilgan: 10 fevral, 2023
“Ipoteka-bank” АTIB Bosh ofisi va barcha filiallar xodimlari ishtirokida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining ahamiyati va mazmun-mohiyatiga bagʼishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 oktyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi sohalar doirasidagi barcha mehnat munosabatlarini oʼz ichiga oladi.
Tadbir avvalida soʼzga chiqqan, bank Boshqaruvi Raisining birinchi oʼrinbosari Farrux Botirov jamiyatimizning har sohasida tashkiliy-huquqiy, ijtimoiy va qonunchilik normalari xalqaro standartlar boʼyicha mukammalashib borayotganini taʼkidlab oʼtdi.
Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti falsafa fanlari nomzodi Rashid Mamatqulov va katta oʼqituvchi Muhammadamin Karimjonovlar tomonidan Kodeksda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga doir munosabatlar, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish hamda mehnat nizolarini nazarda tutuvchi normalar qoʼshilgani aytib oʼtildi.
Davra suhbati turli savol-javoblar bilan yakunlandi.
Maʼlumot oʼrnida, Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi avvalgisiga nisbatan ikki barobar katta boʼlib, 581 moddani oʼz ichiga olgan. Kodeks loyihasini ishlab chiqish davomida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot konventsiyalari va davlat tajribasi oʼrganilib, bir yil davomida chuqur tahlil etilgan.