Nashr etilgan: 9 noyabr, 2021
Joriy yilning oktabr oyida bloger Maksim Chernikovning “facebook” ijtimoiy tarmogʼi orqali ochilgan “JKX Uzbekistana” nomli sahifasida Ipoteka-bankning “YANGI ASR KOMMUNAL” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati mulkdorlariga yuborilgan ogohlantirish xati yuzasidan munosabati eʼlon qilingan.
Joriy yilning 1 noyabr holatiga “YANGI ASR KOMMUNAL” XUJMShga bank tomonidan koʼp qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayorlash dasturlari boʼyicha 663,2 mln.soʼm kredit mablagʼlari ajratilgan boʼlib, shundan, muammoli kreditlar qoldigʼi 467,4 mln.soʼmni tashkil qilgan.
2015 yil 18 mart kunidagi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Respublika komissiyasi raisi Sh.M.Mirziyoev raisligida oʼtkazilgan “Iqtisodiyot tarmoqlari, koʼp qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha obʼektlarini 2015-2016 yillar kuz qish mavsumiga barqaror tayorlashni taʼminlash boʼyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 26-sonli selektor yigʼilish bayoniga asosan, Respublikaning yirik 28 ta shaharlari hokimlarining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʼyicha oʼrinbosarlari, shaharlar davlat soliq boshqarmalari, biriktirilgan tijorat banklariga oldingi yillarda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ajratilgan kredit mablagʼlarini oʼz vaqtida qaytarilishini taʼminlash maqsadida shaharlar hokimlarining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʼyicha oʼrinbosarlari boshchiligida soliq inspektsiyasi va biriktirilgan tijorat banklari vakillaridan iborat masʼullar belgilangan, masʼullarga shirkatlarning moliyaviy holatini yaxshilash, debitor qarzdorliklarini qisqartirish va kredit mablagʼlarini tasdiqlangan grafiklar asosida shirkatlar tomonidan qaytarilishini taʼminlash vazifasi yuklatilgan.
Oʼtgan yillar davomida hududiy tumanlar kesimida tasdiqlanib kelingan koʼp qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayorlash dasturlari boʼyicha xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga “Ipoteka-bank” АTIB Toshkent shahar filiali Аmaliyot boshqarmasi tomonidan koʼp qavatli uy joylarni turli xil taʼmirlash ishlari uchun 2013-2020 yillar davomida kredit mablagʼlari ajratilib kelingan. Biroq, bugungi kunda ayrim shirkat raxbarlarining oʼz ishiga masʼuliyatsizligi oqibatida XUJMShlarning bank oldidagi kredit qarzdorligi oʼz vaqtida soʼndirilmasdan muammoli kreditlarga aylanmoqda. Shirkatlarga ajratilgan mablagʼlarni soʼndirish va shirkatlarning moliyaviy holatini yaxshilashda bank filiali xodimlari (dublyor) biriktirilgan boʼlib, ushbu xodimlarga qarzdor xususiy uy-joy mulkdorlaridan, yaʼni qarzdor xonadonlardan XUJMShga har oyda xonadoning maydonidan kelib chiqib belgilangan toʼlovlarni amalga oshirishi boʼyicha ogohlantirishlar berishi va toʼlovlarni undirish boʼyicha tegishli chora-tadbirlar koʼrish vazifasi yuklatilgan.
Shunngdek, uy-joy mulkdorlarining murojaatlarini qabul qilish, shirkatga biriktirilgan uylardagi kamchiliklarni bartaraf etish, debitor qarzdorliklar hisobini yuritish va undirish ishlarni amalga oshirish bevosita XUJMShning vazifasi hisoblanadi. Biroq, XUJMSh rahbari oʼz funktsiyasini lozim darajada bajarmasdan, debitor qarzdorliklarni soʼndirish ishlari oʼz holiga tashlab qoʼyilgan va bank bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etmaganligi oqibatida bank filiallari biriktirilgan dublyor sifatida qarzdorliklarni soʼndirish boʼyicha murojaat etishga majbur boʼlmoqda.
Shu bilan birga, uy-joy mulkdorlari debitor qarzdorliklarni oʼz vaqtida toʼlamasligi natijasida XUJMSh xodimlariga oʼz vaqtida ish haqi toʼlovlarini berish, uylardagi nosozliklarni bartaraf etish hamda bankdan olgan kredit qarzdorligini soʼndirilmay qolishiga sabab boʼladi.