Nashr etilgan: 6 dekabr, 2022
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilgʼor xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish boʼyicha izchil choralar koʼrilmoqda. Xususan, Аksilkorrupsiya haftaligi doirasida “Ipoteka-bank” АTIB Bosh ofisida tashkil etilgan davra suhbati jamiyatimizda korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
“Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” nomli tadbirda qatnashgan bankning barcha filiallari, jamoatchilik vakillari va talaba yoshlarga Oʼzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Toshkent davlat Yuridik universiteti hamda Oʼzbekiston musulmonlar idorasi vakillari tomonidan korrupsiya holatlarining har qanday koʼrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʼlish va unga qarshi ayovsiz kurashish borasida maʼlumotlar berildi.
Bu borada Oʼzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshish kurashish agentligi masʼul xodimi shunday fikrda: “Oʼzbekiston 2008 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konventsiyasiga aʼzo boʼlgan. Bugungi tadbirdan koʼzlangan yagona maqsad, mazkur illatning davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir koʼrsatishini oldini olishga qaratilgan”.
Ochiq muloqat tarzida oʼtkazilgan davra suhbati davomida shuningdek, aholining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda Oʼzbekiston Respublikasi Qonun va qonun osti hujjatlari bilan ishlash, ularning mazmun mohiyati, zamonaviy aksilkorrupsion tizimlarni joriy etish hamda “Komplaens-nazorat” tizimi toʼgʼrisida oʼzaro fikrlar almashildi.
Tadbir soʼnggida barcha mehmonlar kofe-breyk atrofida mazmunli suhbat qurishdi.