Ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarish masalalari bank Kuzatuv kengashining diqqat markazida
Nashr etilgan: 5 oktyabr, 2021
Bugungi kunda yer sharidagi ekologik va ijtimoiy muammolar butun insoniyatga tahdid solmoqda. Shuning uchun ham uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlash maqsadida butun dunyoda kompaniya va tashkilotlar faoliyatida barqaror rivojlanishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Bunda, barqaror rivojlanishni taʼminlash korporativ boshqaruvning asosiy vazifalaridan biriga aylandi. Banklar ham barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qiladigan loyihalarni moliyalashtirish orqali ushbu yoʼnalishda muhim oʼrin tutib kelmoqda.
Investorlar kompaniya va tashkilotlarning ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) omillari boʼyicha samarali faoliyat yuritishi uzoq muddatli rentabellikka bevosita taʼsir qilishini tobora koʼproq tushunib yetmoqdalar. Shunday qilib, koʼplab rahbarlar hamda kompaniya va tashkilotlarning boshqaruv (kollegil) organlari oʼz strategiyasini ekologik, ijtimoiy va boshqaruv omillarini inobatga olgan holda belgilash lozim degan xulosaga kelishmoqda.
Shu munosabat bilan, bankning transformatsiya ishlari boʼyicha hamkori – Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) tomonidan bank Kuzatuv kengashi aʼzolari uchun mazkur masalaga bagʼishlangan maxsus vebinar tashkillashtirildi. Vebinarning asosiy maqsadi ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarishda Kuzatuv kengashi rolini oshirishdan iborat boʼldi. Vebinar davomida ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarish yoʼnalishidagi ishlarni takomillashtirish boʼyicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, kelgusidagi ustuvor maqsad va vazifalar hamda ularni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Yigʼilish davomida bu soha Oʼzbekiston Respublikasi bank tizimi uchun nisbatan yangi yoʼnalish ekanligi hamda “Ipoteka-bank” АTIB mamlakat bank tizimida birinchilardan boʼlib ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarish tizimini XMK va YeTTB kabi yetakchi xalqaro moliya tashkilotlari talab va andozalari asosida ishlashini taʼminlab kelayotgani qayd etildi. Bundan tashqari, vebinar ishtirokchilari tomonidan bankda ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarish samaradorligini oshirish istiqbollari keng muhokama qilindi.