Nashr etilgan: 5 fevral, 2024
Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Budjet pullarini talon-taroj qilayotganlar kim” mavzusida video murojaat qoldirilgan. Ushbu murojaatda nomlari keltirilgan, hozirda Ipoteka-bank mijozlari bo’lgan tadbirkorlik subyektlari bo’yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-avgust kungi 504-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi PQ-5214-sonli qarori asosida “Hududlarda “mahallabay” ishlash asosida aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish qo‘shimcha chora-tardbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Ipoteka-bank” Andijon viloyati filiali tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumanida 100 ta xonadonda kooperatsiya usulida samarali ish tashkil etish va fuqarolarni o‘zini-o‘zi band etish maqsadida kredit mablag’i ajratilgan.
2022-yilning avgust oyida bank vakillari va hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli ishtirokida ajratilgan kreditning maqsadli ishlatilishi o‘rganilganda, biriktirilgan mahalladagi xonadonlarda kooperatsiya usulida umuman ish tashkil qilinmaganligi, kredit maqsadsiz sarflanganligi aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Kredit maqsadsiz sarflanganligi yuzasidan viloyat prokuraturasiga tegishli tartibda murojaat qilingan hamda sud ijro varaqasiga ko‘ra, bank foydasiga qarzdorlik undiruvini garovdagi mulklarga qaratish belgilangan.
Ipoteka-bank tomonidan, yana bir tadbirkorlik subyektiga 2020-yil iyul oyida intensiv usulda baliq yetishtirish maqsadida qurilish materiallari va uskunalar sotib olish hamda texnika xizmatidan foydalanish uchun kredit ajratilgan.
Qo‘rg‘ontepa tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil may oyidagi ijro varaqasiga ko‘ra, javobgardan bank foydasiga undiruvni garovdagi mulklarga qaratish belgilangan.
Shu bilan birga, kredit maqsadsiz sarflanganligi holati yuzasidan DXX Andijon viloyat boshqarmasiga hamda Andijon viloyat prokuraturasiga tegishli tartibda murojaat qilingan.