Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Rasmiy munosabat!

Nashr etilgan: 3 noyabr, 2023

Ijtimoiy tarmoqlarda Ipoteka-bankning Istiqlol filialining ayrim xodimlari haqida xabar joylashtirildi. Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Xabarda ko‘rsatilgan bank xodimi Andijon viloyati filialida ishlab kelgan davrda o‘z xohishiga asosan arizasi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Mazkur fuqaro bank sohasida yetarli malakaga ega bo‘lganligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ish qo‘zg‘atilgani yoki tergov oldi surishtiruvi, o‘rganuv yoki tergov jarayoniga jalb etilgani aniqlanmaganligi sababli, biroz vaqtdan so‘ng, bankning Istiqlol filialiga ishga qabul qilingan. Mazkur xodimni murojaatda ko’rsatilgan korxona bilan aloqasi borligi asossiz tarzda keltirib o’tilgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki uni ishga qabul qilish har bir tashkilotning ichki yo‘riqnomalari va asosiy hujjat hisoblangan Mehnat kodeksiga asosan tashkil qilinib, bunda belgilangan talablardan chetga chiqilmaydi. Mazkur xodim bilan ham mehnat shartnomasini bekor qilish va u bilan mehnat shartnomasini tuzish jarayonida yuqoridagi qonun va qonunosti hujjatlari talablariga rioya etilgan.

Shuningdek, murojaatda ko’rsatib o’tilgan ikkinchi holat bo’yicha xodim tomonidan qandaydir noqonuniy harakatlar sodir etilganligi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralaridan hech qanday asoslantiruvchi ma’lumotlar kelib tushmaganligini ma’lum qilamiz.

O’z o’rnida, e’lon qilingan maqola yuzasidan Bosh bank tomonidan filial rahbariyatiga xodimlar orasida tegishli mazmunda tushuntirish olib borilishi, amaldagi Qonunlar, qonunosti hujjatlari va Bankning me’yoriy hujjatlariga qat’iy amal qilib, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari bo‘yicha tushuntirish va ko’rsatmalar berildi.