Nashr etilgan: 3 aprel, 2023
Telegram tarmogʼidagi “Effect.uz” kanalida Ipoteka-bankning Surxondaryo viloyati filiali mijozi Boysun tumanida bogʼ yaratmoqchi boʼlib, ikkinchi yildirki bankdan kredit ololmayapti degan xabarlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
“BOYSUN ANORLARI” MChJ 2022 yil 29 avgust sanasida Ipoteka-bankning Surxondaryo viloyat filialida oʼz hisobvaragʼini ochgan. Mijoz tomonidan bogʼdorchilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida asosiy vositalar va qurilish materiallari sotib olish uchun 2022 yil 16 dekabr kuni kredit mablagʼi ajratish boʼyicha bankga murojaat qilingan.
“Ipoteka-bank” АTIB Boshqaruvi tomonidan 2022 yil 21 yanvardagi № 5-son bilan tasdiqlangan Kreditlash Nizomi talablariga koʼra Bosh bank Аnderayterlar guruhi tomonidan koʼrib chiqilib, tahlil qilinganida ayrim kamchiliklar aniqlanganligi sababli ijrosiz qaytarilgan.
Bu haqida mijozga 2022 yil 26 dekabr №24/4144 sonli xat, 2023 yil 6 yanvar №24/043 sonli xat va 2023 yil 24 fevral №24/817 sonli xatlar bilan maʼlum qilingan.
Yuqoridagi koʼrsatib oʼtilgan hujjatlar va kamchiliklar bartaraf etilgandan soʼng kredit hujjatlari belgilangan tartibda qayta koʼrib chiqilishi bildirilgan.
“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan, oʼz kasbiga oid faoliyatni amalga oshirish chogʼida, oʼzi tayyorlayotgan materialarining toʼgʼri yoki notoʼgʼri ekanligini tekshirishi va xolis axborot tarqatishi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi; shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi majburiyatlari belgilangan.
Shu oʼrinda, “Ipoteka-bank” АTIB barcha ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligini va hamkorlik qilishga doimo tayyorligini maʼlum qilamiz hamda yuqoridagi kabi holatlarni xolis yoritishlarini soʼrab qolamiz.