Nashr etilgan: 3 mart, 2022
Аyolni eʼzozlash, unga ehtirom koʼrsatish oʼzbek xalqiga hos olijanob xususiyatlardan biridir. Shu maʼnoda Oʼzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʼrni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti ayollarga, yoshlarga, oilaga boʼlgan munosabat va eʼtibor bilan bogʼliq.
Xotin-qizlarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan oʼlchab, baholab boʼlmaydi. Аyniqsa, hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Аyollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligi va moliyaviy savodxonligini oshirish davr talabiga aylanmoqda, chunki millatning oʼziga xos maʼnaviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, shubhasiz, ayolning oʼrni va taʼsiri beqiyosdir. Mamlakatimizda yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatdagi oʼrni, ularga boʼlgan munosabatlari, ijtimoiy hayotdagi roli gʼoyat muhim ahamiyatga egaligi bois ularning mavqei har jihatdan yuqori baholanmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning fevral-mart oylari "Xotin-qizlar huquqlari bo`yicha dolzarb ikki oy" deb e'lon qilingani munosabati bilan joriy yilning 1 mart kuni “Ipoteka-bank” АTIBning “Gender tengligini taʼminlash masalalari boʼyicha maslaxat kengashi va Oʼzbekiston Milliy Universiteti bilan hamkorlikda “Oʼzbekiston respublikasida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda tijorat banklari tomonidan berilayotgan imtiyozlar” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi.
Mavzu doirasida Oʼzbekiston Milliy Universiteti oʼqituvchi va talabariga bugungi kunda Bankimiz respublikada 39 ta filiallari, yuzdan ortiq bank xizmatlari markazlari orqali tadbirkorlarimiz va yurtimiz aholisiga keng ko’lamli xizmatlarini koʼrsatib kelayotganligi va bank strategiyasida xotin-qizlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlashni ustuvor vazifalar qatoriga kiritilganligi hamda bu borada barcha say-harakatlarni amalga oshirilayotganligi haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Oʼzbekistonda xotin-qizlarning oʼz bizneslarini yoʼlga qoʼyishi, yangi ish oʼrinlarini ochish va ish bilan bandligini taʼminlash uchun moliya muassasalari ham faol koʼmakdosh boʼlayotganligi, Ipoteka-bankining barcha filiallarida xotin-qizlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish maqsadida ajratilayotgan kreditlar, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish uchun talabalarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va ularning miqdori hamda shartlari haqida batafsil tushunchalar berib oʼtildi.
Seminar oxirida Oʼzbekiston Milliy Universiteti oʼqituvchi va talabalari tomonidan berilgan savollarga bank xodimlari batafsil maʼlumotlar berib, yoshlarimizning moliyaviy savodxonligini oshirishda oʼz hissalarini qoʼshdilar.