Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

OTP guruhining ESG sammitida Ipoteka-bank ham ishtirok etdi

Nashr etilgan: 1 iyun, 2023

Joriy yilning 24-26 may kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida OTP guruhining ESG sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda OTP guruhiga kiruvchi banklar, Vengriyaning regulyatori va boshqa taklif etilgan tashkilotlar qatorida Ipoteka-bankdan ham bankning mas’ul xodimi Abdusalomov Baxtiyor qatnashdi.


Sammitda OTP guruhining Raisi (CEO) “Mr.” Sándor Csányi, Vengriya Respublikasi Regulyatori vitse-prezidenti “Mr.” Csaba Kandrács, OTP Yashil loyihalar direktoratining direktori “Mr.” Gergely Pókos, OTP Tadqiqotlar markazining direktori “Mr.” Gergely Tardos va OTP guruhining barcha davlatlaridagi sho‘ba banklaridan mas’ul xodimlarning prezentatsiya va nutq ko‘rinishidagi chiqish qilishlari kutilayotganligi ma’lum qilingan edi. Ular qatorida Ipoteka bankdan taklif etilgan vakilning sammitda - Ipoteka bankda ESG omillarini boshqarilishi, yuzaga kelayotgan muammolar, ularning yechimi va umuman Ipoteka bankda “yashil banking” yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, yutuqlar haqida prezentatsiya tayyorlagan holda chiqishi bo‘lib o‘tdi.

Chiqish sammit ishtirokchilari tomonidan yaxshi kutib olindi va chiqish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha tarzda mamlakatimiz tomonidan bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar borasida qiziqarli savollar va muhokamalar ko‘rinishidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


Shuningdek, sammitda mazkur yo‘nalish OTP guruhining strategik yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etilib, bu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish, banklar va moliya tashkilotlari hamda korxonalar uchun qator afzalliklarni keltirib chiqarishi ta’kidlab o‘tildi. Xususan, arzon resurslarni jalb qilish, tashkilotning reytingini yaxshilash, o‘z reputatsiyasini mustahkamlash hamda kelajakda vujudga keladigan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi realliklarga aloqador xatar va imkoniyatlardan unumli foydalanish imkoniyatini yaratilishi ta’kidlab o‘tildi.


Sammit davomida, OTP guruhining Raisi (CEO) “Mr.” Sándor Csányi, Vengriya Respublikasi Regulyatoridan mas’ul xodim va yana bir qator mutaxassislarning va ayniqsa, OTP guruhining barcha davlatlaridagi sho‘ba banklaridan mas’ul xodimlarning prezentatsiya va nutq ko‘rinishidagi chiqish qilishlari natijasida juda ko‘p qiziqarli va foydali ma’lumotlar qabul qilindi (o‘rganildi). Bu ma’lumotlar asosida Ipoteka bankda, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil qilinishida qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi reja qilib olindi.


Bundan tashqari, sammit doriasida ishtirokchilar uchun jamoani shakllantirish (Team building) bo‘yicha ham tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Umuman olganda, Ipoteka-bank uchun ushbu sammit yangi bilim va ko‘nikmalarni ortirishga zamin yaratdi.