Nashr etilgan: 18 noyabr, 2021
Barchaga maʼlumki, yurtimiz rivojlanishi yoʼlida gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi, ayol va erkaklar teng imtiyozlar asosida oʼz imkoniyatlarini toʼlaqonli roʼyobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʼtarildi.
Shu munosabat bilan, bugun “Ipoteka-bank” АTIBda Bosh ofis va filiallar xodimlari uchun “Yangi Oʼzbekistonda gender tenglik masalasi” mavzusida oʼquv seminari boʼlib oʼtdi. Seminar bankimizning “Gender tenglikni taʼminlash masalalari” boʼyicha Maslahat kengashi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda OzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʼmitasi Raisi oʼrinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʼmitasi Raisi M.Xodjaeva, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari G. Xudoyarova va U. Zakirovalar bilan ochiq muloqot tarzida davra suhbati boʼlib oʼtdi.
Tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad Oʼzbekistonda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, gender tengligi va ayollarni zoʼravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish toʼgʼrisidagi farmon va qarorlar bilan ayollarni tanishtirish orqali ularning huquqlari boʼyicha savodxonligini oshirish boʼldi.
Uchrashuv qizgʼin bahs munozaralarga boy tarzda boʼlib oʼtdi. Tadbirda barcha hodimlar oʼzlari qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob oldilar.