Nashr etilgan: 4 dekabr, 2020
Joriy yilning 3 dekabr kuni “Ipoteka-bank” АTIBda ““Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi qonun va uning mazmun-mohiyati, korruptsiya jamiyat taraqqiyoti kushandasi” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida 2020 yil 27 iyul kuni oʼtkazilgan “Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʼyicha birinchi darajali vazifalar toʼgʼrisidagi” yigʼilishida yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ““Ipoteka-bank” АTIBda yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʼyicha 2020-2021 yillarga moʼljallangan yoʼl xaritasi” ishlab chiqilgan.
Yoʼl xaritasida bankda yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida har bir tarkibiy tuzilma tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar aniq belgilab berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bosh ofis va barcha filiallar xodimlari ishtirokida ““Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi qonun va uning mazmun-mohiyati. Korruptsiya jamiyat taraqqiyoti kushandasi” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi.
Tadbirda Oʼzbekiston milliy teleradiokompaniyasi siyosiy sharhlovchisi, Oʼzbekiston Respublikasida hizmat koʼrsatgan jurnalist, “Shuxrat” medali sohibi, YuNESKO akademigi, xalq taʼlimi aʼlochisi Karimbekov Qobilbek Toʼxtabekovich ishtirok etdi.
Davra suhbatida soʼzga chiqqanlar tomonidan “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi qonun talablari hamda “Yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʼyicha 2020-2021 yillarga moʼljallangan Yoʼl xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ipoteka-bankda bir qator ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirda korruptsiyaning ayanchli oqibatlari, uning jamiyatga va iqtisodiyotga koʼrsatadigan salbiy taʼsirlari, soʼnggi yillarda korruptsiyaga qarshi kurash boʼyicha respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil fikrlar almashinildi.
Shuningdek, “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʼgʼrisida”gi qonunlar talablaridan kelib chiqqan holda bankning Korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati ishlab chiqilganligi ham qayd etildi.
Shu bilan birga, tadbir davomida bankda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha maxsus “Ishonch telefoni” yoʼlga qoʼyilganligi, bank filiallari binolarining mijozlarga koʼrinishi qulay boʼlgan joylariga korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni oldini olishga doir stendlar joylashtirilganligi, jumladan, filial mijozlari uchun korruptsiyaga qarshi kurashishni targʼib qiluvchi koʼrgazmali materiallar va bukletlar joriy qilinganligi maʼlum qilindi.
Tadbir yakunida sohadagi muammolar va ularning yechimiga oid savollar, fikr-mulohazalar hamda takliflar bildirildi, shuningdek ishtirokchilar oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishib, ularga toʼlaqonli javoblar olishdi.