Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

“Korrupsiya- taraqqiyot kushandasi”

Nashr etilgan: 23 sentyabr, 2019




“Ipoteka-bank” ATIB Bosh ofisida rahbar va xodimlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi mutassadilari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Seminar tizimda jinoyatchilik holatlari yuzaga kelib chiqishi, shu jumladan korruptsiya, tamagirlik, poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa salbiy holatlarni oldini olish hamda qonun hujjatlarining talablari borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan “Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

Seminarda “Ipoteka-bank” ATIB Yuridik departament direktori X.Murodov so‘zga chiqib, filiallar tarkibiy bo‘linmalar ish faoliyatiga ijobiy baho berib, shu bilan birga, bank tizimida mehnat intizomini mustahkamlash, bank xodimlari kiyinish va muomala madaniyati talablariga rioya etishi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuqori darajaga chiqarish hamda bank xizmatlarini ko‘rsatishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

X.Murodov o‘z so‘zini davom ettirib, bank tizimida tartib va intizomni susayishi oqibatida bank xodimining ongida hosil bo‘lgan bo‘shliqni tamagirlik, poraxo‘rlik va korruptsiyaning boshqa ko‘rinishdagi yovuz illatlariga qiziqish to‘g‘risidagi fikrlar egallashi, bu esa bank tizimiga putur etkazishi bilan birga, bank xodimining o‘zi va oilasiga ham jiddiy salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini alohida ko‘rsatib o‘tdi.


Seminarga taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Akademiyasi vakili, katta prokuror X.Tursunbekov “Korruptsiya” tushunchasiga batafsil ta’rif berib, bu mansab mavqeidan shaxsiy maqsad va manfaatlarda foydalanish, shaxsiy boylik orttirish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy holatlar nazarda tutilishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, respublikamiz bank tizimida sodir etilayotgan qonunbuzarliklar, jumladan bir qator tijorat banklari rahbar xodimlari va mutaxassislari tomonidan uyushgan jinoyatchilik guruhlari tashkil etilganligi va ular tomonidan sodir etilgan bir qator jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib, bu kabi o‘ylamasdan qilingan ishlar oqibatida bank xodimi o‘zi va oilasiga jiddiy ziyon etkazishi bilan birga, jamiyatga ham katta zarar keltirilishini ta’kidlab o‘tdi va seminar qatnashchilarining qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Seminar so‘ngida mavzuga oid videorolik namoyish etildi.