Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

“Ipoteka-bank” АTIB aksiyadorlarining navbatdagi umumiy yigʼilishi boʼlib oʼtdi

Nashr etilgan: 28 iyun, 2019

Bugun 2019 yil 28 iyun kuni “Ipoteka-bank” АTIB aksiyadorlarining navbatdagi umumiy yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

 

Yigʼilishda, “Ipoteka-bank” АTIB faoliyatining 2018 yil natijalari, bankni oʼrta muddatga va uzoq muddatga rivojlantirish boʼyicha tasdiqlangan strategiyasi ijrosi hamda 2019 yil faoliyatining ustuvor yoʼnalishlari toʼgʼrisida bank Boshqaruvi hisobotini tasdiqlash, 2018 yil natijalari boʼyicha olgan sof foydasini taqsimlash, 2019-2021 yillarga moʼljallangan rivojlanish strategiyasini tasdiqlash, bankning Kuzatuv kengashi va Taftish komissiyasi tarkibini qayta saylash kabi qator masalalar koʼrib chiqildi.

Ipoteka-bank tomonidan hisobot yilida aksiyadorlar tomonidan belgilab berilgan va Biznes-rejada keltirilgan ustuvor yoʼnalishlar boʼyicha chora-tadbirlarni izchil olib borish, shu jumladan faoliyat samaradorligi va daromadlilikni yanada oshirish bankning asosiy diqqat markazida boʼldi.

Bunda, bankning kapitallashuv darajasi va daromadliligini oshirish, aktivlarning sifatini yanada yaxshilash, mijozlar va hamkor tashkilotlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga koʼtarish orqali bank faoliyatiga doir barcha koʼrsatkichlarning barqaror oʼsishini taʼminlash, eng muhimi, mijozlarning bankka boʼlgan ishonchini yanada mustahkamlash va ularga imkoniyat yaratish boʼyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Ipoteka-bank filiallari tarmogʼi butun respublika hududini qamrab olgan boʼlib, 39 ta filial, 164 ta minibank, 657 ta kassalar hamda 103 ta xalqaro pul oʼtkazmalari shoxobchalaridan iborat. Ushbu tarmoq orqali bank 1,9 mln. nafardan ziyod mijozlarga xizmat koʼrsatib kelmoqda.

Mijozlarga zamonaviy bank xizmatlarini koʼrsatish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasi bankning 2018 yildagi faoliyatining natijalarida oʼz aksini topdi, jumladan:

- bankning sof aktivlari oʼtgan yilga nisbatan 1,5 barobarga oʼsib, 19,7 trln. soʼmga yetdi;

- umumiy kapitali oʼtgan yilga nisbatan 28 foizga oʼsib, 1,6 trln. soʼmga yetdi, shu jumladan ustav kapitali 17 foizga oshib, 985,6 mlrd. soʼmga yetdi;

- depozit mablagʼlari oʼtgan yilga nisbatan 23 foizga oʼsib, 6,7 trln. soʼmga yetdi;

- kredit portfeli oʼtgan yilga nisbatan 64 foizga oshib, 17,3 trln. soʼmga yetdi;

Natijada, ushbu ijobiy oʼzgarishlar bankning 2018 yil natijalari boʼyicha 250,2 mlrd. soʼm miqdorida sof foyda olishiga imkoniyat yaratdi.


Shuningdek, salohiyatli korporativ mijozlarning yirik ishlab chiqarishga doir istiqbolli loyihalarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash, davlat dasturlari ijrosi, hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, kichik biznes sohasining rivojlanishiga hissa qoʼshish, aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan taʼminlash va ommabop kreditlar orqali bandligini oshirish bank faoliyatining muhim yoʼnalishlaridan biri boʼldi.

2018 yil davomida Ipoteka-bank tomonidan kichik biznes subʼektlariga 2,85 trln. soʼmlik ( oʼtgan yilga nisbatan 2,1 barobar koʼp) kreditlar ajratildi va natijada, kichik biznes subʼektlari tasarrufida jami 7668 ta yangi ish oʼrinlari yaratildi.

Yigʼilishda Ipoteka-bank tomonidan xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlik ishlarini samarali tashkil etgan holda, bankka berilayotgan reyting baholarini muntazam ravishda har yili yangilab borish va darajasini oshirish, reyting bahosini tushib ketishiga yoʼl qoʼymaslik yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar koʼrib borilayotganligi taʼkidlandi.

Hozirgi kunda, bank “Standard & Poors” (“В+/В” darajasida), “Moodys” (“В2/В2” darajasida) kabi yetakchi xalqaro reyting agentliklarining istiqboli “Barqaror” boʼlgan reytinglariga ega.


Shu bilan birga bank 2018 yilda, balki bugungi kunda ham dolzab va asosiy vazifalardan biri bu institutsional transformatsiya qilish orqali Ipoteka-bankni xalqaro andozalarga muvofiq keladigan darajadagi bankka aylantirish boʼlib, bu borada bank korporativ boshqaruvini yanada yaxshilash, mijozlarga sifatli va zamonaviy bank xizmatlarini koʼrsatishni yoʼlga qoʼyish boʼyicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan izchil hamkorlikni amalga oshirib kelinmoqda.

Bankning transformatsiya qilish orqali xususiylashtirishga tayyorlash boʼyicha Hukumatning «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka bankini oʼzgartirish va uni Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida keyinchalik xususiylashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi 523-sonli qarori qabul qilinganligi ham bundan dalolatdir.

Xalqaro moliya korporatsiyasi bankga aksiyalarga ayirboshlash imkoniyati mavjud boʼlgan 35 mln. АQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini ajratishni rejalashtirgan. Bu masala boʼyicha xorijiy hamkorning Operatsion va Kredit qoʼmitalarining ijobiy xulosalari qabul qilingan. Joriy yil iyulь oyida korporatsiya Direktorlar kengashi oʼtkazilishi va unda mazkur masala boʼyicha yakuniy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Yigʼilishda kun tartibidagi masalalar boʼyicha tegishli qarorlar qabuli qilindi va yakunda 2019 yil faoliyatining ustuvor yoʼnalishlari belgilab olindi.