Ipoteka Bank OTP Group – TIIF 2025'ning rasmiy hamkori: Markaziy Osiyoda investitsiyalar, innovatsiyalar va ustuvor energetika imkoniyatlari
Nashr etilgan: 10 iyun, 2025
Zamonaviy yangilanishlar davrida Ipoteka Bank OTP Group Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi (TIIF)ning Bosh hamkori sifatida ishtirok etayotganligini gʻurur bilan maʼlum qilamiz. Ushbu forum 9–12 iyun kunlari Oʻzbekistonning sanoat va investitsiya salohiyatiga bagʻishlangan birinchi milliy koʻrgazma sifatida Markaziy Osiyo Koʻrgazmalar Markazida (CAEx Centre) oʻtkaziladi.
Koʻrgazmada mamlakat iqtisodiyotining 10 dan ortiq asosiy tarmoqlaridan 90 ga yaqin yirik tashkilotlar turli yoʻnalishlar: neft-kimyo, mashinasozlik, elektr uskunalari, qurilish materiallari, metallurgiya, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalar boʻyicha ishtirok etadi. Koʻrgazmadan koʻzlangan asosiy maqsad, Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan strategik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
TIIF - gʻoyalar loyihalarga, maqsadlar esa bitimlarga aylanadigan platforma boʻlib, xususiy sektor va mahalliy tadbirkorlar, xalqaro investorlar oʻrtasida kelishuvlarga zamin yaratadi. Ipoteka Bank OTP Group esa jarayon markazida turadi. Bank forumda tadbirkorlikning har qanday koʻlamdagi subyektlari uchun zamonaviy moliyaviy instrumentlarni taklif etadi – yangi startaplardan tortib yirik korporatsiyalargacha. Shuningdek, forumda yashil energetika, infratuzilmani taraqqiyot topishiga qaratilgan investitsiya loyihalari ham taqdim etiladi. Bu shunchaki tijoriy bitimlar emas, balki Oʻzbekistonning iqtisodiy ustuvorligini shakllantirishga qaratilgan tadbirlardan sanaladi.
«TIIF 2025 haqiqatan ham kelajak bilan bogʻlovchi koʻprikdir. Ipoteka Bank OTP Group nafaqat moliyaviy institut, balki Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshayotgan strategik hamkor sifatida muhim oʻrin egallaydi. Forum iqtisodiyotni innovatsiya va kapital bilan bogʻlaydigan platforma sifatida, yangi yoʻnalishlar va istiqbolli imkoniyatlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega», – dedi Ipoteka Bank OTP Group Boshqaruv Raisi Sandro Rtveladze.
Ipoteka bank - O'zbekistondagi yetakchi bank muassasasi va 2023 yildan xalqaro OTP guruhining a'zosi sifatida faoliyat ko’rsatib keladi. Bank guruh tarkibiga kirgach keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari kuzatildi, xususan, ixtisoslashgan ipoteka muassasasidan rivojlangan raqamli va korporativ infratuzilmaga ega universal bankka aylandi. 2024 yilda Ipoteka bank yuqori natijalarga erishdi: sof foyda 1,84 trillion so‘m (taxminan 145 million AQSh dollari), kapital rentabelligi (ROE) — 30%, xarajatlar daromadga nisbati esa 38% ga qisqardi. Bankning mijozlar bazasi esa 1,7 milliondan oshdi. Bu tasdiqlangan va aniq strategiya natijasidir.