Nashr etilgan: 8 oktyabr, 2024
Ipoteka-bank: Plazma markazining ochilishi mustahkam hamkorlik natijasidir.
Bundan avval, “Ipoteka-bank” ATIB tibbiyot sohasidagi xususiy sektor mijozlaridan biri boʻlgan “Haemalogic” farmasevtika va donorlik plazmasi markazini moliyalashtirgani va bu borasida obyekt toʻliq zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangani haqida ma'lumot berib oʻtgan edik.
Aynan bugun Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan Haemalogic markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda hamkor tashkilot va tibbiyot sohasining yirik vakillari bilan bir qatorda Ipoteka-bankdan Ilhom Mannonov va Laylo Sodiqovalar ishtirok etishdi. Tadbirni Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ochib berdi va erishilgan zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan qutladi.
Bu borada Xalqaro kompaniyalar bilan ishlash direksiyasi katta menejeri Ilhom Mannonovning fikrlari shunday: “Biz tibbiyot va farmasevtika sohasini rivojlantirishga qaratilgan har bir loyihalarni qoʻllab-quvvatlash orqali tadbirkorlarning innovasiyalar yoʻlidagi intilishlariga yoʻl ochib beramiz. Bu esa ularning mahalliy bozorda oʻz oʻrnini mustahkamlashga imkon beradi.
Ma'lumot oʻrnida, Haemalogic kompaniyasi inson salomatligi va hayotini saqlab qolish uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan, donorlik qon plazmasini yig'ish va dori vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning faoliyati O‘zbekistonda donorlikni rivojlantirishda qo’yilayotgan muhim qadam bo’lib qoladi.