Nashr etilgan: 5 iyun, 2020
2020 yil 4 iyunь kuni Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (EBRD) Savdoni rivojlantirishga koʼmaklashish dasturi (TFP – Trade Facilitation Programme) doirasidagi nufuzli anʼanaviy mukofot gʼoliblarini eʼlon qildi. “Ipoteka-bank” АTIB – Oʼzbekistondagi eng faol emitent bank nominatsiyasida gʼoliblikni qoʼlga kiritdi. Mazkur mukofot bilan YeTTB Ipoteka-bankning xalqaro savdoni moliyalashtirishdagi alohida yutuqlarini eʼtirof etadi va savdo-sotiqni moliyalashtirish sohasida bank faolligini alohida taʼkidlab, koʼrsatilayotgan xizmatlar sifatini yuqori baholaydi.
“Ipoteka–bank” ATIB nisbatan qisqa vaqt ichida oʼz mijozlariga koʼplab imkoniyatlar taqdim etgan holda, savdoni moliyalashtirish sohasida Oʼzbekiston bozorida yetakchi oʼrinlarni egallashga muvaffaq boʼldi.
“Ipoteka-bank” АTIB savdoni moliyalashtirish tadbirkorlikning iqtisodiy oʼsishiga muhim hissa qoʼshishini inobatga olgan holda, bu yoʼnalishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Ushbu sohani rivojlantirish, ayniqsa ushbu ogʼir davrda, mamlakat ishbilarmon qatlamlari uchun juda muhim boʼlib, savdoni moliyalashtirishda qoʼllaniladigan vositalar xoʼjalik subʼektlari, yaʼni bank mijozlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qoʼllab-quvvatlashda samarali yechimlarni taklif qila oladi.
2019 yil “Ipoteka–bank” АTIB uchun juda muvaffaqiyatli boʼldi va bir qator yirik loyihalar amalga oshirilganligi bilan yodda qoldi.
2020 yilda “Ipoteka–bank” АTIB savdoni moliyalashtirishga qoʼshimcha oshirilgan limit doirasida oʼz mijozlarining yanada koʼproq loyihalarini amalga oshirishi va bu sohada Oʼzbekiston bozorida yetakchi mavqeini saqlab qolishi uchun barcha imkoniyatlarga ega.
2020 yilgi TFP mukofotining 30 ta nominatsiyasida dunyoning 27 mamlakatidan kredit-moliya muassasalar koʼrsatildi. Mazkur mukofot 2019 yil davomida YeTTBning moliyalashtirish xizmatlarini eng faol taqdim etgan muvaffaqiyatli emitent va tasdiqlovchi banklarga taqdim etildi.
TFP mukofotlari eʼlon qilinish vaqtida, YeTTBning moliyaviy institutlar boʼyicha boshqaruvchi direktori Fransis Malij “Savdoni moliyalashtirish – YeTTB ishtirok etadigan barcha mintaqalarda iqtisodiy taraqqiyot va oʼsish surʼatlarining kalitidir. Bizning hamkor banklarimiz moliyaviy mablagʼlar va koʼmak taqdim etish orqali kompaniyalarga yangi bozorlarni aniqlash, oʼrganish va zabt etish uchun imkon yaratib, ushbu maqsadga erishishga yordam beradi. Аnʼanviy TFP mukofotlarimiz orqali biz 27 ta davlatdagi amaliy taʼsir koʼrsatadigan va xalqaro savdoni qoʼllab-quvvatlash uchun YeTTBning moliyaviy mahsulotlarini ijodiy yondashgan holda qoʼllaydigan hamkor banklarimizning yutuqlarini gʼurur bilan eʼtirof etamiz”, deb taʼkidladi.
TFP mukofoti gʼoliblarini taqdirlash marosimi 2020 yil may oyida Londonda YeTTBning yillik yigʼilishi va biznes-forumi doirasida boʼlib oʼtishi rejalashtirilgan edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli bekor qilindi.
“Ipoteka–bank” АTIB – Oʼzbekistonning eng yirik banklaridan biri hisoblanadi. U mamlakatning barcha hududlarida keng faoliyat yurituvchi va zamonaviy bank xizmatlarini koʼrsatuvchi eng yirik banklardan biri sanaladi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doim bank faoliyatining ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlgan. Hozirgi kunda butun dunyo boʼyicha 30 dan ortiq moliya institutlari bilan hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan. Bunday hamkorlik natijasida bank oʼz mijozlariga savdoni moliyalashtirish sohasida toʼliq xizmatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega.
YeTTBning savdoni rivojlantirishga koʼmaklashish dasturi (TFP) 1999 yildan boshlab yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, u YeTTB sarmoya kiritadigan mamlakatlar oʼrtasida tashqi savdoni rivojlantirishga qaratilgan. Dastur doirasida YeTTB xalqaro tasdiqlovchi banklarga kafolatlar hamda keyinchalik eksport va import faoliyati bilan shugʼullanuvchi mahalliy korxonalar va distribyuterlarga kredit berish uchun ayrim banklar va faktoring kompaniyalariga qisqa muddatli kreditlar taqdim etadi. Аyni paytda TFP umumiy miqdori 5 mlrd. yevrodan oshadigan limit bilan 30 ta davlatda 120 ta emitent banklarni hamda butun dunyo boʼyicha 800 dan ziyod tasdiqlovchi banklarni oʼz ichiga olgan.