Nashr etilgan: 21 fevral, 2022
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrida yashovchi Dilorom Ergashevaning uy-joy olish uchun kredit ajratilmayotganligi boʼyicha qilgan murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-sonli Farmonning 2020 yilgi dasturiga asosan Namangan viloyati, Namangan shahar, “Yuksalish” MFY hududida kam daromadli uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʼlgan, oilalar uchun “Oʼzshahar qurilish invest” IK MChJ tomonidan 3 ta 9 qavatli 108 ta xonadondan iborat koʼp qavatli uy-joylarni qurilishi belgilangan.
Namangan shahar hududiy komissiyasi tomonidan ushbu uy-joylarga 108 nafar fuqaro biriktirilgan boʼlib, ushbu fuqarolar roʼyxatida fuqaro Ergasheva Dilorom boʼlmagan.
Hududiy komissiya tomonidan 108 ta biriktirilgan fuqarolarga bank tomonidan 2020 yilda 100 nafar fuqaroga kredit liniyalari ochilgan. Ushbu fuqarolar tomonidan 2020 yildan boshlab “Oʼzshahar qurilish invest” IK MChJga bajarilgan ishlar uchun kredit mablagʼlari ajratilib kelingan.
“Oʼzshahar qurilish invest” IK MChJ tomonidan 2021 yil davomida turar joy qurilishi toʼliq bitkazilib, xonadonlar oʼz egalariga topshirilgan.
Hududiy komissiya tomonidan 108 ta biriktirilgan fuqarolar ichida boʼlgan Аxundedaeva Roxat Аxmedovna boʼlib, uning ipoteka krediti olish uchun boshlangʼich badali Namangan shahar hokimligining homiylik mablagʼlari hisobidan 2020 yil 23 aprel kuni 45 330 000 (qirq besh million uch yuz oʼttiz ming) soʼm miqdorida toʼlab berilgan. Lekin fuqaro Аxundedaeva Roxat tomonidan kredit olish uchun ariza berilmagan.
“Oʼzshahar qurilish invest” IK MChJ tomonidan uy-joy koʼrib bitkazilgandan soʼng Namangan shahar hokimligining 2021 yil 7 maydagi yigʼilishi bayoniga hamda fuqaro Аxundedaeva Roxat Аxmedovnaning 2021 yil 24 iyundagi uy-joy olishni rad etish toʼgʼrisidagi arizasiga asosan ushbu uy-joy fuqaro Ergasheva Diloromga ajratilishi belgilangan.
Biroq ushbu vaqtga kelib, uy-joy tan narxlari dasturda belgilangan meʼyordan oshib ketganligi hamda bankda imtiyozli ipoteka kredit ajratish uchun resurs mablagʼlari yakunlanganligi sababli Ergasheva Diloromga imtiyozli ipoteka krediti ajratish imkoni boʼlmagan. Ushbu yoʼnalishda qoʼshimcha imtiyozli resurs mablagʼlari ajratilganidan soʼnggina, fuqaroga ipoteka krediti rasmiylashtirilishi mumkinligini maʼlum qilamiz.