Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

“Ipoteka-bank” АTIB xodimlari “Taraqqiyot” respublika tanlovi gʼolib-sovrindorlariga aylandi

Nashr etilgan: 31 iyul, 2019

Mamlakatimizda istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini taʼminlash, shuningdek, davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga koʼmaklashish maqsadida 2018 yil 30 mayda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qiligan boʼlib, unga muvofiq “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʼtkazildi.

Tanlovda ishtirok etish uchun maxsus veb-portalda respublika boʼyicha 8334 nafar talabgor roʼyxatdan oʼtib, soʼrovnoma toʼldirdi. Soʼrovnomalar tanlov nominatsiyalari boʼyicha oʼrganib chiqildi va natijada 4509 nafar ishtirokchi tanlovda qatnashish uchun belgilangan talablariga javob bermasligi aniqlandi, 3825 nafar ishtirokchi tanlovda ishtirok etishga tavsiya etildi.

Tanlovning 1-tur onlayn test bosqichi natijalariga koʼra 2455 nafar, 2-tur onlayn test bosqichi natijalariga koʼra esa 1356 nafar ishtirokchi navbatdagi bosqichga tavsiya etildi. 2018 yilning 16 dekabr kuni tanlovning axborot-tahliliy material (doklad) tayyorlash bosqichi oʼtkazildi. Bosqich natijalariga koʼra, qarorga muvofiq 300 nafar ishtirokchi tanlab olindi va navbatdagi bosqichga tavsiya etildi.


Tanlov gʼoliblarini aniqlashda tanlov komissiyalari tarkibida Oʼzbekiston prezidenti Аdministratsiyasi masʼul xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-oʼqituvchilari ham ishtirok etdi. Tanlovning yakuniy bosqichi natijasiga koʼra 50 nafar gʼolib va 100 nafar finalchi aniqlandi.

Joriy yilning 9-16 mart kunlari tanlovning final bosqichi oʼtkazildi. Tanlovning final bosqichida baholash mezonlari sifatida quyidagi kompetentsiyalar belgilandi: boshqaruv professionalizmi, liderlik qobiliyati, tizimli fikrlash salohiyati, oʼzgarishlarga moslashuvchanlik.

Final bosqichi natijalari boʼyicha 27 iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tanlovi gʼoliblari va final bosqichi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi.

Bankimizning ikki malakali rahbar xodimlari Turdiev Komol Eshpulatovich va Xamraev Ravshan Raxmatilloevichlar ushbu tanlovda muvaffaqiyatli qatnashdi.

“Ipoteka-bank” АTIB Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi direktori oʼrinbosari Turdiev Komol Eshpulatovich “Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi” nominatsiyasida eng yuqori ball bilan gʼolib deb topildi.

Komol Turdiev bank tizimida 17 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda va oʼz ishining fidoyi mutaxassislaridan biridir.


Shuningdek, Korporativ tarmoqlar boʼlim boshligʼi Ravshan Xamraev ham yaxshi natijalar bilan qatnashib, “Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi” nominatsiyasi final bosqichi ishtirokchisiga aylandi.